Shirai jondin dog‘i shirin emish guftoringiz...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Shirai jondin dog‘i shirin emish guftoringiz...
by Do’iy

Shirai jondin dog‘i shirin emish guftoringiz,
Toza jon topgay kim o‘psa la’li shakkar boringiz.

Sarv nojug‘a nazar gar solmasam, ermas ajab,
Kim bizing manzurimizdur qaddi xush raftoringiz,

Chiqmag‘aymiz biz bahor ayyomi gul sayrig‘akim,
Siynamizda gul ochibdur shu’lai ruxsoringiz.

Ahli donish deb qilmas beibo harne desak-
Kim, bo‘lubdurmiz bu kun masti mayi diydoringiz.

Bog‘ aro nargis emas ko‘nglum erurkim loy aro,
Sehr etib band etmish ikki joduyi xunxoringiz.

Lutfingizdin yo‘q bizing ummidimizki, da’bingiz
Qahr qilmoqdur kim o‘lsa ishqingizda zoringiz.

Doimo xunobai hijron yutarmiz biz, vale
Bo‘ldilar masti sharobi vaslingiz ag‘yoringiz.

Umrimiz zindoni furqat ichra o‘tti, ohkim,
Shu raqiblarg‘a mahalli aysh erur gulzoringiz.

Ishqingizda sarf etib, Doiy yigitlik quvvatin,
Dedingiz, qaridingiz, emdi bu yerdin boringiz.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse