Qilmag‘il, ey sho‘xi sarkash muncha beparvoylig...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qilmag‘il, ey sho‘xi sarkash muncha beparvoylig...
by Bayramxon

Qilmag‘il, ey sho‘xi sarkash muncha beparvoylig‘,
Bir mening ra’yim bila bul tobakay xudroylig‘.

G‘am tuni qon yig‘larimning mehnatin ko‘nglum bilur,
Garchi ko‘zumga ko‘runmas muncha xunpoloylig‘.

Etmag‘ay hargiz takallumda labi jonbaxshig‘a,
Har necha qilsa Masih alfozi ruhafzoylig‘.

Yuz bila zulfi havosidek farahbaxsh o‘lmag‘ay,
Nechakim qilg‘ay nasimi subh anbarsoylig‘.

Toki tug‘di axtari davlat saodat burjidin,
Qilmadi bir kavkab ul oydek jahonoroylig‘.

Chun topilmas bir guli bexor olam bog‘ida,
Bog‘bonlar tokay etgaylar chamanpiroylig‘.

Demagil Bayramki, beparvodur ul sultoni husn,
Podshahdur, ne ajab gar qilsa beparvoylig‘.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse