Oxir ul bedodgar qasdi meni jonimdadur...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Oxir ul bedodgar qasdi meni jonimdadur...
by Mujrim-Obid

Oxir ul bedodgar qasdi meni jonimdadur,
Yoki, tig‘in tez etarga muddao qonimdadur.

Ko‘ching ey mardumki bir tun bo‘lmag‘aysiz g‘arqi xun,
Muncha selobi balokim chashmi giryonimdadur.

Erga tushgan shu’lasiga toqati nazzora yo‘q,
Ul haroratkim maning xurshedi tobonimdadur.

Sog‘inurman kosh Majnun bo‘lsa erdi ulfatim,
Hurmatim tutmas xirad ahliki, davronimdadur.

Xoh sotsun, xoh qo‘ysun, xoh ozod aylasun,
Bandai farmonidurman hukm sultonimdadur.

Har kima dardu alam darkor, kelsun manda bor,
Chug‘zi oliy himmatam, bu ganj vayronimdadur.

Ko‘nglum afgor o‘lg‘anin andin xaloyiq fahm etar,
Kim xaroshi dog‘ kashfi ohu afg‘onimdadur.

Tifllar devonadur deb, oldilar tegra to‘shim,
Necha tifli ashk ko‘rkim yona mijgonimdadur.

Esdin ozg‘on, telba bo‘lg‘on, charx urg‘on, bag‘ri dog‘,
Xalq har til bila yod aylar mening shonimdadur.

Har kim o‘z holig‘a olam yona o‘z nafsig‘a band,
Hech kim bilmas na hasratlar mening jonimdadur.

Til shikoyatg‘a turib, o‘z holima solmay nazar,
Nafsima boqsamki, ul ham bandi nuqsonimdadur.

Mujrim anglab xalqi olam ko‘rdilar ko‘zga haqir,
Bilmadilar xosiyatlar bandu zindonimdadur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse