Ohkim, tushgali bu zoli falakka ishimiz...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ohkim, tushgali bu zoli falakka ishimiz...
by Ravnaq Pahlavonquli

Ohkim, tushgali bu zoli falakka ishimiz,
Dard taskinig‘a yo‘q holi dil aytur kishimiz.

Borho elning erur aksi murodi anga esh,
Charxi nosoz bila mumkin emas sozishimiz.

Bu na bedoddurur nolishimizdin, ey charx,
Ehtiroz etki, muruvvatdin emas ranjishimiz.

Qadrimiz, ohki, dunlardin emas mingdin bir,
Yuz Falotundin agar bo‘lsa raso donishimiz.

Muncha ne ondin erur bexabar ul zolimki,
Ohi dardona chekib, ko‘kka yetar nolishimiz.

Hazar, ey zolim, o‘shul ohi sahargohdin et,
Kim o‘tar erdi sipardin bu xadang otishimiz.

Muddaiy aylamayin dasti sitamdin qo‘toh,
Tokay ul xiyrasar o‘lg‘ay sababi kohishimiz.

Vahm et, xasmki, tufroqqa qo‘yib ro‘i niyoz,
Do‘st dargohig‘a bosh qo‘ymoq erur varzishimiz.

Jonimiz qayda falak qonin ichardin suvug‘ay,
Har qachon ko‘rsant ani baski g‘ajirur tishimiz.

Tinmoq o‘lmas nafase javr ila bedodidin,
Qaydin o‘lg‘ay bu falak davrida oroyishimiz.

Muncha ne soldi qaro kunni falak boshimiza,
Bilmadukkim ne edi, Ravnaq, anga qilmishimiz!

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse