O‘n sakiz ming olam oshubi...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O‘n sakiz ming olam oshubi...
by Alisher Navoiy

O‘n sakiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab chun sarvinozim o‘n sakiz yoshindadur.

Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakiz yil husni bor,
O‘n sakiz yoshinda buncha fitnakim boshindadur.

O‘n sakiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa uldurur –
Husn shohi, ul balolarkim ko‘z-u qoshindadur.

Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki bor,
Barchasi ezid taolo sun naqqoshindadur.

Tan anga siym-u, ichinda tosh muzmar ko‘nglidin,
Aqlg‘a yuz hayrat, ul oyning ich-u toshindadur.

May ketur, ey mug‘ki yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.

To Navoiy to‘kti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse