Naylayin jon bo‘lsayu jon ichra jonon bo‘lmasa...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Naylayin jon bo‘lsayu jon ichra jonon bo‘lmasa...
by Jaloliy

Naylayin jon bo‘lsayu jon ichra jonon bo‘lmasa
Vasl kim bo‘lsa muyassar dog‘i hijron bo‘lmasa.

Ko‘rdi gulni bulbulu sho‘rida qildi ko‘p fig‘on
Vah na bilsun gulni qadrin dog‘i pinhon bo‘lmasa.

Kimki, lazzat vaslidin istar, kirar hijron aro
Jon topolmas ul kishikim toki bejon bo‘lmasa.

Tori zulfing ko‘rgali baxtim qorong‘uk bo‘ldikim
Gul ochilmas bog‘ aro ul lal xandon bo‘lmasa.

Zohido qilma riyo jondin kechib, kir ishq aro
Vosil o‘lmas ul kishikim yoki uryon bo‘lmasa.

Dardi zo‘rimni ko‘rub kelma boshimga, ey tabib
Dard dorudin tuzalmas vasli darmon bo‘lmasa.

Ey Jaloliy zulf tobidin gar o‘lding buncha zor
Naylasin oshiqqa hajrida anga jon bo‘lmasa.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse