Muttahid frontimizning birinchi vazifalari

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Muttahid frontimizning birinchi vazifalari  (1923) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Turkiston» gazetasining 1923 yil 7 yanvar sonida «Abdulhamid Sulaymon» imzosi bilan bosilgan.

Nihoyat, Toshkent yoshlari Turkistonning markazida ishlab yurgan mas’ul maorif xodimlari maorif va madaniyatimiz ustiga kelayotkan zo‘r tahlikani angladilar. Gazetamizning Yangi yil sonida bosilg‘an “Yerlik xalq maorifida muttahid front” sarlavhalik xitoblari bilan jaholat va taassub otliq “qora balo”ga qarshi birlashib qo‘zg‘oldilar.

Toshkand maorif oqsoqollarining bu harakatlari juda vaqtida bo‘ldi. Agar bir oz keyin bo‘lg‘anda ham kechikib qolmog‘imiz ehtimol edi. Negakim hukumatimizning kechirmakda bo‘lg‘an pul tangligini (moliya buhroni – финансовый кризис) hali yengilgani yo‘qdir. Hukumatimiz bu tanglikdan qutulmoq uchun har nav chora va tadbirlarni ko‘rmakdadir. Mamlakatning hamma ishini bir daraja oqsatib turg‘an bu tanglikni yo‘qotmoq uchun pul-moliya ishlarini puxtalab tejash lozim bo‘lsa, bu yo‘lda maorif ishlariga zarar keltiraturg‘an ba’li bir choralarni ham ko‘rmakka, qo‘llanmoqqa to‘g‘ri keladir. Shuning uchun maorif ishlarida biz hukumatga ortiq zo‘r umidlar bilan tayana olmaymiz. Maorif muassasalarimizning ko‘pini o‘z gardanlariga olg‘an mahalliy mablag‘larimiz esa ortiq darajada buzuq yo‘lsizdirlar. Demak, ular bilan ham biz istaganimiz natijaga hali-beri yeta olmaymiz. Shunday bo‘lg‘andan keyin endi birdan-bir yo‘l bizga “O‘zing uchun o‘l, yetim!” shiori-da qoladir.

Bizning muttahid frontchilarimiz o‘zlarining ketaturgan yo‘llarida shu shiorni mahkam ushlagan ko‘rinalar; ularning xitoblarida shu haqiqatlar juda ochiq ko‘rsatmishdir. Muttahid frontni uyushtirg‘an markazdagi maorif oqsoqollari front ochilg‘andan so‘ng qilinaturg‘an ishlarga bir dam ham kechikmasdan yopishmoqlari lozimdir. Frontni ochishda kechikishdan saqlang‘an bo‘lsalar, uning birinchi vazifalarini boshlashda ham sira kechika ko‘rmasunlar, bu yo‘ldagi kechikish natija e’tibori bilan bab-barovardir.

Frontning birinchi vazifalari, bizningcha, o‘lkaga tarqalib ish boshlamoq, milliy boylig‘imiz bo‘lg‘an vaqflarg‘a yopishmoq bo‘lsa kerak. O‘lkada ishlamak, mahallalarning haqiqatan o‘lib qolg‘an maorifini go‘rdan tortib chiqarmoq vazifasi sira kechikdirilishga yaramaydir. Mahallalarda naridan-beri maorif ishlariga aralashib kelayotqan yoshlarga anglamas miyalar tomonidan qo‘l tekizilmakka boshlag‘ani to‘g‘risida daraklar kela boshladi. Masalan: Samarqandda maorif ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yib kelayotqan maorif mudiri Vadud o‘rtoqning ishdan bo‘shatilib, o‘rniga yerlik xalq maorifi bilan ko‘pda aloqasi bo‘lmag‘on kishilarning qo‘yilg‘onlig‘i to‘g‘risida “Zarafshon” rafiqimizda bir bosh maqola o‘quduk. Vadud o‘rtoq to‘g‘risidag‘i bu o‘runsiz harakat Samarqand yoshlari orasida “Mana, aytmadikmi, biz yoshlarg‘a ishlagali yo‘l bermaylar…” degan bir fikr tug‘dirg‘an. Holbuki, bu fikrning tug‘ulishi bizning muttahid frontimizg‘a qarshi biqindan yasalg‘an hujum kabidir. Bu hujum bizga o‘z kishilarimiz tomonidan bilmaslik orqasida qilinib turulg‘an hujumdir. Bizning muttahid front oqsoqollarimiz bir kamisiya yoki bir to‘da holida tezlik bilan mahallarga borib yoki markaziy hukumat bilan onglashib bu hujumni qaytarishlari, balki butkul yengib tashlashlari tegishdir.

Muttahid frontning birinchi vazifalaridan yana biri vaqflar masalasi deb edik. Yaqinda bu to‘g‘rida markaziy hukumat mahkamalarida juda yaxshi qarorlar chiqarildi. Shu qarorni darhol yuzaga chiqarish ishiga kirishmak, qaror yozilgan siyoh qurumasdan turub rejani chizib olmoq markazdagi maorif oqsoqollarining muhim va g‘alabaga qarata olib boraturg‘an qarzlaridur.

Yuring, o‘rtoqlar!

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse