Muncha javring degil, ey charxi sitamkor, nedur...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Muncha javring degil, ey charxi sitamkor, nedur...
by Ravnaq Pahlavonquli

Muncha javring degil, ey charxi sitamkor, nedur,
Har ne etmak bu qadar zulm padidor, nedur.

Yuz tuman zaxm yetib xanjari bedodingdin,
Ahli donish jigarin qilmoqing afgor, nedur.

Lahza-lahza oqizib xuni jigar ko‘zlaridin,
Qilmoqing oni iki Qulzumi zaxxor, nedur.

Toqi a’loda yomonlarg‘a berib joyi qaror,
Yaxshilarni urasen yerga, bu kirdor nedur.

Kimki nodondur etib oni jahon ichra aziz,
Kimki donodur, oni aylamaking xor, nedur.

Kimki johildur, oni loyiqi iqbol ko‘rub,
Kimki olimdur, oni qismati idbor, nedur.

Kimki dun o‘lsa surayyo uza oni chiqarib,
Sarfaroz aylamaking oni bu miqdor, nedur.

Kimki ganjinai donishda duri nobdurur,
Taxtaband etmak anga garmii bozor, nedur.

Kimgakim ko‘rsang agar fazli kamoloti shuur,
Foqai faqrg‘a qilmoq oni duchor, nedur.

Kimki nokasdur o‘zin davlata yetgach unutib,
Qayda bidgay onikim do‘st nedur, yer nedur.

Kim bu gulshanda esa sarv kabi ozoda,
Qaro tufroq uza qilmoq oni hamvor, nedur.

Kimki xurshid kabi bo‘lsa sarafrozi jahon,
Qilmoqing oni qaro yerga nigunsor, nedur.

Kimki mir’oti zamirida oning bo‘lsa jilo,
To‘kmaking oyinai tabig‘a zangor, nedur,

Kimki egridur o‘lub shahlar o‘ngunda majro,
Sohibi manzalati mahrami darbor, nedur.

Kimki sultondur etib toji saririn barbod,
Kimki darvesh esa bejubbai dastor, nedur.

Kimki dun o‘lsa etib mu’tabari olam oni,
Qilmoq ul siflani sohib zaru diynor, nedur,

Mard elin yerga urub yor o‘lasen nomarda,
Degil oni mangakim, senda bu atvor, nedur.

Olami dun aro mumtoz etib ul siflanikim,
Bilmayinkim hadafi gavhari shahvor, nedur.

Kim xiyonatgar erur so‘zda uzun unga zamon,
Xozani gavhari ganjinai sarkor, nedur.

Muncha, ey gardishi davri falaki sho‘badaboz,
Bo‘lmoqing dushmani dorandai novor, nedur…

Kimki ablahdur, oni dahr etibon zarrinpo‘sh,
Komig‘a do‘nmak oning gunbazi davvor, nedur.

Kimki mehr o‘lsa ishi lek oning podoshi,
Tuzmak ul g‘amzadag‘a kiynai paykor, nedur…

Kim suxandondur o‘lub tut anga xunobi jigar,
Bilmay el oniki oshomig‘a me’yor, nedur.

Kimki tug‘di onadin o‘ylaki girdobi balo,
G‘arq etarga oni bu Qulzumi zaxxor, nedur.

Kimki nomard erur boshig‘a davroni sipehr
Abri nayson kabi har lahza duru bor, nedur.

Osmon birla zamin farqini dark etmagan el,
Tutub odam o‘zini boshida pindor, nedur.

Vah, ne badmehr sen ey dahri dag‘al, davringda
Bilmaduk oniki, sayri guli gulzor nedur.

Noqis el aysh surub, ahli maishat g‘amdin
Kim, kamol ahlidur olam ko‘ziga tor, nedur.

Norasolarg‘a berib siymni xirman-xirman,
Kim rasodur g‘ami xarvor uza xarvor, nedur.

Kimki dun himmat esa ko‘kka chekib oni jahon,
Jomi xurshid oning bazmida sarshor, nedur.

Kimki tuz bo‘lsa zamondin to‘la sog‘ar-sog‘ar
Qon yutub, kulbai ahzonda jigarxor, nedur.

Kim laim o‘lsa bo‘lub rutbada angushtnamo,
Moldor ahlig‘a ul qofila solor, nedur.

Xor etib ishga yarar elni falak turfa bukim,
Moyili tarbiyati mardumi nokor, nedur.

Dahr elin arbadadin aylaguvchi zeru zabar,
Gardishi sho‘badai axtari sayyor, nedur.

Kim ko‘kartursa fasohat chamani ichra nihol,
Vahki, qo‘ymoq oni bebargu bebor, nedur.

Ko‘rmayin sof zamir elga ravo no‘shi murod,
Bag‘rig‘a urmoq oning nishtari xunxor, nedur.

Soqiyo, tut manga bir jomki, aylab ani no‘sh,
Bilmayinkim ravishi charxi jafokor, nedur.

Kim sharir o‘lsa salotin qoshida qurb topib,
Loyiqi borgahi xaymai xirgoh (?) nedur…

Kimki nokasdur o‘zin turfaki odam sog‘inib,
Nuktagiri suxani mardumi hushyor, nedur.

Bilmanam ne edi jurmim manga sendin, ey charx,
Ranj-ranj uzraki, ozor uza ozor, nedur.

Kimki ozodadurur, aylab oni zoru zalil,
Ko‘rmaking muncha malomatg‘a sazovor, nedur.

Neki taqdirdurur o‘zga yozilmas, Ravnaq,
Tavba qil, yova demakdinki bu guftor, nedur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse