Mastona chiqib qatlima bodom qabog‘i...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Mastona chiqib qatlima bodom qabog‘i...
by Ravnaq Pahlavonquli

Mastona chiqib qatlima bodom qabog‘i,
beboki sitamgar,
Bir ilgida jomi mai gulrang oyog‘i,
bir ilgida xanjar.
Chashmi siyahidin meni mast etsa ajab yo‘q
to ro‘zi qiyomat,
Bir g‘amzasi mastona shakarrez dudog‘i,
chun bodai kavsar.
Olam elini ko‘z yumub ochg‘uncha qilur qatl,
gar to‘kmak uchun qon,
Jallod ko‘zi g‘amzasidin cheksa pichog‘i,
chun kofiri Xaybar.
Ne nurdurur shu’lai husningdaki ko‘rmay
to bo‘lg‘ali bunyod,
Xurshidi jamoling kabi raxshanda charog‘i,
bu gunbazi axzar.
Savdosi sari zulfida boshimga chiqib dud,
yondim tutay erkan,
Hijron o‘ti siynamda qo‘yib dog‘ uza dog‘i,
chun lolai ahmar.
Savdozada g‘am dashtida Majnun kabidurmen,
ovorai shab-ro‘z,
Haryon qilib ul sho‘xi parivashni so‘rog‘i,
po‘yanda chu sarsar.
G‘am shomi ul oy ko‘yida Ravnaq kabi to subh,
tosh uzra urub bosh,
Ne aysh, ne rohat manga, ne xobi farog‘i,
ne farsh, ne bistar.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse