Makonimni munavvar qilgali, ey yor, xush kelding...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Makonimni munavvar qilgali, ey yor, xush kelding...
by Qoriy Xoʻqandiy

Makonimni munavvar qilgali, ey yor, xush kelding,
Visoling sharbatig‘a aylading sarshor, xush kelding.

Labolab to‘lganichun no‘sh etib jomi muhabbatni,
So‘ray, deb mo‘r holini Sulaymonvor, xush kelding.

Alifdek do‘stni jon ichra jo qilsam munosibdur,
Ko‘ngul vayronasini tuzgali me’mor, xush kelding.

Azizlar sunnati aftodalarni holini so‘rmoq,
Minib shabdizi himmat mardi maydonvor, xush kelding.

Urub ko‘si inoyat, har tarafga aylading javlon,
Zihi baxting samandi bo‘ldi, xush raftor, xush kelding.

Lab ochdim madh uchun bo‘lg‘ay munosib, garchi ahvolim,
Parishon hol ko‘nglum bo‘ldi fayz osor, xush kelding.

Yoqib sham’i muhabbat bo‘ldi dil koshonasi ravshan
Bo‘lub, ochildi go‘yo g‘unchalar gulzor, xush kelding.

Muhabbat bog‘ini gulchini Qoriy do‘st yodida,
Necha daftar yozib ash’ori shakkarbor, xush kelding.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse