Justujo‘ aylab parivash mahvashim ko‘rdum bukun...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Justujo‘ aylab parivash mahvashim ko‘rdum bukun...
by Sadoiy Mirhasan

Justujo‘ aylab parivash mahvashim ko‘rdum bukun,
Dam-badam jon kuydururg‘a otashim ko‘rdum, bukun.

Bir aningdek nozaninni orzu aylab mudom,
Aylab ul yuz ming tamanno kelmishin ko‘rdum, bukun.

Bulbuli go‘yo edi yo to‘tiyi shakkar lison,
Bir kelib gul ostida o‘lturmishin ko‘rdum, bukun.

Man xayol ettim, tirikdurman anga xizmat qilay,
Bir dame turmay qoshimdin ketmishin ko‘rdum, bukun.

Qasd etar doim raqiblar qilg‘ali yordin judo,
Bu falak yuzi qaroni gardishin ko‘rdum, bukun…

Ko‘zlari jallod doim rasmidur javru jafo,
Necha mandek oshiqin o‘ldurmishin ko‘rdum, bukun

San quloq sol, ey nigoro, har kuni ovozig‘a,
Aytadur doim Sadoyi, nolishin ko‘rdum, bukun.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse