Ilohi, bo‘lmasun hech odamiga oshno bezgak...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ilohi, bo‘lmasun hech odamiga oshno bezgak...
by Nodim Namangoniy

Ilohi, bo‘lmasun hech odamiga oshno bezgak,
Mani bechoraga ko‘p ayladi javru jafo bezgak.

Na bedodu sitamdur har kecha tutsa tong otguncha,
Kishi ko‘rgan emasdur muncha zolim behayo bezgak.

Tanim kuydurdi, sabrim ketdi, ahvolim xarob o‘ldi,
O‘zidin ham battarroq dardga bo‘lg‘ay mubtalo bezgak.

Dilu jonimda osori farog‘at qolmadi hargiz,
Xudovando, qachon bo‘lg‘ay bu jismimdin judo bezgak.

Nashotu ayshu rohat ketdi, dard ila alam yetdi,
Bu jismi notavonimg‘a qadam kelturdi to bezgak.

Jahon tang o‘ldi, olam bu jafojo‘ hamnishinimdin,
To‘yundim jondin emdi, man turay bu yerda yo bezgak!

Tilar har dardkim bordur panoh olamda bezgakdin
Yuvulsin oti, lavhi kavndin bo‘lsun fano bezgak.

Agar tushsa qo‘lumg‘a tiyg‘ tortib qahru kiyn birla,
Kesib qo‘lu oyog‘in aylasam bedastupo bezgak.

Bahaqqi anbiyo tarki jafoyu zulmu bedod et,
Yo‘q ersa haqqa ilkingdin bo‘lurman dodxoh, bezgak.

Vido’ aylab agar ketsang, ko‘rub bu holu zorimni,
Chu jonim boricha aylay seni doyim duo, bezgak.

Agar bu iltijoyu iltimosim birla ketmassan,
Qiyomat kun muazzab bunda bo‘lg‘il benavo, bezgak.

Bu dardu mehnatikim tortaman sandin ilojim yo‘q,
Nechukkim haq taolodin erur bo‘ldim rizo, bezgak.

Qilurman shukrkim, bir ne’matidur jumla mo‘ming‘a
Demish ahli salaf kufforni jurmu xato, bezgak.

Agarchandiki ko‘pdur naf’i uxro bobida, lekin,
Manga berdi bu dunyo ichra bag‘oyat jazo, bezgak.

Dedi Nodim bu bezgak zulmi bedodin xaloyiqqa,
Iloho, qilmasun hech kimsani hargiz xudo bezgak.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse