Husho, ulkim jahon ahlig‘a mayli imtizoj etmas...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Husho, ulkim jahon ahlig‘a mayli imtizoj etmas...
by Rojiy Xorazmiy

Husho, ulkim jahon ahlig‘a mayli imtizoj etmas,
Tutub ulfat xaloyiq birla ayshu ibtihoj etmas.

Aloyiq rishtasin tajrid tiyg‘i birla qat’ aydab,
Kuhan zoli jahong‘a mayli ahdi izdivoj etmas.

Havodis zulmatistonida qolsa charx zulmidin,
Tazallum ko‘rguzub, eldin tama’ sham’i siroj etmas.

Boshig‘a yog‘sa boroni alam mehnat sahobidin,
Biravga bosh egib dardig‘a ummidi iloj etmas.

Fano xokistaridan maskan etgan faqr ko‘yida,
Jahonda shahlig‘ istab, orzuyi taxti toj etmas,

Shahanshoheki qilmas zrsa royij naqdi ehsonin,
Qazo sarrofi oning davlati naqdin rivoj etmas.

Kel ey, Rojiy, g‘animat tut qanoat kunji oromin,
Er o‘g‘lon, har kishi ollida arzi ehtiyoj etmas.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse