Har dam yig‘lasam sanga, yor, vafo qilurmusan...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Har dam yig‘lasam sanga, yor, vafo qilurmusan...
by Sadoiy Mirhasan

Har dam yig‘lasam sanga, yor, vafo qilurmusan?
Lutfu karamki sandadur, hech bir ato qilurmusan?

Hojatu maqsadim tilab, misli g‘aribi benavo,
Tilga olib oting desam, hech bir sado qilurmusan?

Mustahiqing agar bo‘sam, borsam dargohingga man,
Haqni yo‘lida birgina, xaridori qilurmusan?

Emdiki manga muncha ko‘p qasd araz qilib mudom,
Jonim olurg‘a, ey pari, muncha jafo qilurmusan?

Yaxshi bir uchrading manga, emdiki aylayin savol,
Sayqali g‘am bila magar dilni safo qilurmusan?

Saltanati havo bila, hay-hay ulug‘lig‘ing sani,
Garchi sanga yaroshadur, muncha havo qulurmusan?

Goh ko‘ngul qilib kashol, san sarig‘a boqib mudom^
Dabdabai araz ila doim nizo qilurmusan?

Bahru baru balandu past, barcha vujuh shohiding,
Bo‘lsa yomon-yaxshini muncha bajo qilurmusan?

Hayf sani bu ishlaring, mandin o‘zingni berkitib,
Hasta Sadoyi bandaga, boz jafo qilurmusan?

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse