Gulnoma

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Gulnoma
by Miriy

Soqiy, qadahing mo‘l et karamdin,
Qolmish bu rabot jomi Jamdin.

Kovus qani, ne bo‘ldi Hushang?
Ko‘kka cholib oncha ko‘sy farhang.

Mast aylaki, telbavor o‘lay men,
Yo‘qluq aro baxtiyor o‘lay men.

Bu telbalik ichra oncha qil g‘arq,
Boru yo‘qi dahr qilmayin farq.

Soqiy, qadahi nashot to‘ldur,
Bu bodag‘a charxni bukultur.

Bu xamlig‘ ila yetolmayin charx,
Yo‘q, durdini ham topolmayin charx;

Kunduz ochibon quyosh nuqudin,
Uy ravzani demayin qopudin;

Tun bo‘lsa sochib nuqud yulduz,
Yursun yugurub tun ila kunduz.

Soqiy, to‘la ayla jomu sog‘ar,
Qolmas kishi, qani xud Skandar?

Bahromga go‘r manzil o‘ldi,
Ming go‘r qo‘lida bismil o‘ldi.

Jonlar bari foniy — tangri boqiy
Ko‘p muncha tag‘oful etma, soqiy.

Avval ichu, so‘ngra qil havola,
Gardun esa sibqaray piyola.

Ey soqiyi gul’uzori gulro‘,
Ey kabk xiromi, nozbo‘ bo‘.

Ey qomati sarvinga fido sarv,
Qadding desa bormudur ravo sarv!

Vah-vah, ne g‘alat xayoldur bu,
Hay-hay, ne degan misoldur bu!

Ul bir shajareki, mevasi yo‘q.
El ko‘nglin olurg‘a shevasi yo‘q.

Hayhot, bu qadki, senda bordur,
Har yaxshi mushabbah o‘lsa ordur.

Qomatmu desam qiyomati bor,
Jannatmu desam xud ofati bor.

Qad yo‘qki, malohati shajardur,
Yo‘q, yo‘q, degil ofati nazardur!

Og‘zing bu shajarni g‘unchasidur,
Kulku anga, vahki, mevasidur.

Farzan desa meva — kulku voqe’,
Ovozasig‘a yo‘q uyqu voqe’.

Shirinlig‘ aro gumondin ortuq,
Achchiqliq aro xud ondin ortuq.

Shirin va achiq — fidosi jonlar,
Ul kulkuga sadqa xonumonlar.

Ey toza niholi gulshani jon,
Har uzvinga sadqa bog‘u bo‘ston.

Menkim guli nozbo‘ ekibmen,
Mehnatlar aning uchun chekibmen.

Ja’far guli-yu guli hinolar
Ham tojixurusi xush jilolar,

Ham koshg‘ariy gulini parvo,
Shomu sahar anda xud muhayyo.

Bir sathi chamanda ishqi pechon,
Chirmanmoq o‘lub ish anga har yon.

Bu barchasi bu jihatmu ermas;
Ishrat sari maslahatmu ermas.

Har chand farahfizo erur gul,
Ko‘p ramzga oshno erur gul.

Ishq ichra asiru mubtalomen,
Bir sarvga zoru benavomen.

Bir chehrasi gul asiridurmen,
G‘am kishvarini amiridurmen.

Bir g‘uncha og‘iz fitodasimen,
Maxmuri visol bodasimen.

Ul tosh ko‘ngulmu ya’ni sensen!
Fo‘lodg‘a yo‘lmu ya’ni sensen!

Ko‘nglung qatig‘icha bo‘lmagay tosh,
Qoshing qilichiga ko‘rmagay bosh!

Yandashsa bu tosh birla fo‘lod,
Ko‘rmas kishi sen sifatni jallod!

Kim oni havoi ishqi birlan,
Masjidni qilib o‘zumga maskan

Charxi falakeki, charxi gardun
To‘kmay suvini bu nav’ bir kun.

Masjid arig‘iga o‘tqurubmen,
Yo‘q, ko‘z arig‘i aro qurubmen.

Sargashtalik anda ko‘p o‘zumdek,
Kunduz-kecha suv to‘kar ko‘zumdek.

Ey zulfung asiri xo‘bro‘lar,
Husnungga fido tuman nako‘lar.

Yuz fikr ila nozbo‘lar ektim,
Mehnat ani tarhi birla chektim.

Komim bu desangki ko‘rgulukdir,
Bir dam borishib o‘turgulukdur.

Tarhidin agar savol etarsen,
Vasfin eshitur xayol etarsen.

Darvozaga kirgach ichkariroq,
Birdam turu, o‘ng birla so‘l boq.

O‘ng yonida nozbo‘i chiniy,
Sharmandasi Chin nozanini.

Zuhd ahli kabi qiyom aylab,
Kirgan kishiga salom aylab^

Boshini egib qilib tavozu’,
Ilking sunarin etib tavaqqu’

Qo‘l tekkach, etib abirsonlig‘,
Firdavs gulin isi nishonlig‘.

Ming noz ila, bo‘i nozbo‘, deb,
Boshini egib, niyoz bu, deb.

Xizri nabi kisvati barinda,
Ba’zisi Bilol tal’atinda.

Ko‘k atlasi ba’zidin namudor,
Tun turrasi ba’zidin padidor.

Ba’zini atab zaboni gunjishk,
Shoxi bo‘lub oshyoni gunjishk.

Chumchuq dema, bulbul oshyoni,
Chumchuq sifat aylamish makoni,

Atrofin olib xurustoji,
Toji bila yondurub siroji.

Boqg‘an kishi ko‘ngliga solib o‘t,
Deb:—Turma bu gulshan ichra, bot o‘t.

Boq manga, qutul asirlig‘din,
Qaydim meni bu dalerlig‘din,—

Deb koshg‘ariy guli kulumsub,
Zebo guluma nazarni sol xub.

Boshim uzadur kulohi nim tark,
Xubluqda atab otimni sadbarg.

Ko‘nglumni shikofig‘a nazar sol,
Bag‘ring butun o‘lsa, bot kadar sol.

So‘l yonig‘a lutf etarsen izhor,
Turfa chamani g‘arib — tolor.

Er bag‘rig‘a chok tomuridin,
Oy dog‘i tanob uzoturidin.

Charx azmi uchun kamand tashlab,
Bo‘lmoqda Masih birla hamgap.

Isoki maqom qildi to‘rtunch,
Eldinmu edi xud anga qo‘rqunch!

Anfosini tangri pok qildi,
Aflok uza zavqnok qildi.

Jon topti o‘luk damidun, alhaq,
Yillar o‘tub o‘lganicha mutlaq.

Tolorga ham bu poklig‘ bor,
May nash’asidin birovki xummor,

Ul kimsa o‘luk emasmu oxir?
Maxmurni o‘luk demasmu oxir?

Raz qizidin o‘lsa bahravarlig‘,
Ul bodag‘a komi yupsa tarlig‘,

Bermasmu xud anga ruhi toza,
Topmasmu hamul futuhi toza!

Bas, tok Masih dam emasmu?
Iso nafas oni xud demasmu?

Tok yonida necha nozbo‘lar,
Shomu sahar ul xujasturo‘lar

Qizlar kibi yuzlari qizillik,
Har kunda tilab necha bihillik.

Deb:— Boqma yuzum qizorg‘anig‘a,
Ming ziynat ila ochilg‘onig‘a-

Kim, bo‘i vafo gulumda yo‘qtur,
So‘lmoqlig‘ima mahal yovuqtur.

Ja’far guli debki: — Hushmand o‘l,
Gullar isin isla, bahramand o‘l.

Qo‘yma oyog‘ingni behayovor,
Solg‘il nazaring, adab bilan bor.

Bizni bu chamanda solma ko‘zdin,
Injilma bu za’faroniy yuzdin.

Bellarda bo‘g‘un solib hinolar,
Tiyg‘ o‘rnida bargdin navolar.

Jallod kibi boqib haroson,
Bir nechalarin bosib qizil qon,

Deb kirgan ulusga:— Boxabar bo‘l,
Behuda gulumga sunmag‘il qo‘l…

Yo rab, bu makoni xuld tazyin,
Firuz mahallu jannat oyin,

Fayzu karaming hamisha yor et,
Kim ayni inoyating nisor et.

Ahliga ham, ey karimi dovar,
Niyatni nako‘sin et muyassar.

Ko‘ngullarin ayla bu makondek,
Himmatlarin ayla osmondek.

Ahliga bu yer muhabbatin sol,
Ilm ahliga bori shafqatin sol.

Ko‘ngullarin et bu yerga pobast,
Zavqi bu makondin ayla sarmast.

G‘arbi bu makonni obshore,
Jannat suvi, yo‘qki jo‘ybore.

Jannat ichidin oqar arig‘dek,
Yo‘q, kavsardin chiqar arig‘dek.

Har kimsada bo‘lsa hubs zohir,
Ul suv-o‘q, etib ham oni tohir.

Oqib tunu kunda, tutmay orom,
Bahra topib onki xosu ham om.

Mavji yeturub falakka shavqun,
Zavqi keturur malakka shavqun.

Shavqun dema balki shavqi ortib,
Ham savtlig‘in nafiri tortib.

Charxi falak anda o‘la soyir,
Qo‘k charxidururkim dahra doyir.

O‘q javfida o‘yla qutri aflok,
O‘rgulmoq ishida chustu cholok.

Taxta anga kahkashonmu bo‘lg‘ay,
Yo kohkashon nishonmu bo‘lg‘ay.

Har ko‘zalari sitora yanglig‘,
Suv sochmog‘i abri pora yanglig‘.

Ul charxi falakni jo‘ybori,
Erdin yuqoridur ikki qori.

Masjid tubi birla joriy bo‘lg‘ay,
Tolor ila gul nisori bo‘lg‘ay.

Hojat anga suvdin o‘lmagan chog‘,
Aylonib oqarda davrai bog‘,

Go‘yoki ziloli zindagoniy,
Hayvon suvidin berib nishoni.

Boqg‘an kishini safosi ortib,
Ko‘ngul uyini jilosi ortib.

Shahsufani to‘rt jonibidin,
Jonib ne degan, bo‘lur tubidin,

Oqib bu nazokatu safoda,
Hayvon suvivor sofu soda,

Ul manzili pok havzi sori,
Kavsar arig‘imisol joriy,

Gullarga berib abirsonlig‘,
Gullar tubidin etib ravonlig‘,

Yuz nav’ safoda suvi oqib,
Farhod tahayyur ilki qoqib.

Sharbat topibon suv istaganlar,
Shirin arig‘i yo‘q ersa, kavsar,

Jayhun kibi subhu shom joriy,
Ummon bo‘lub oni sharmsori.

Qilg‘ach birov ul arig‘da yurmoq—-
Selob yo‘linda bor o‘turmoq.

Qush o‘tsa, o‘chub hayoti oning,
Mo‘r o‘tsa, borib najoti oning.

Gullar necha yuz labida butgan,
Ko‘rgan muni o‘zgani unutgan.

La’li labi dilrabomu oyo!
Xatmu lab uza gul anga go‘yo!

Yo navxatlarni sayri chog‘i,
Tushmish ko‘zi anda bu bulog‘i.

Qilmishmu o‘zin alarga monand,
Bermishmu o‘zin alarga payvand.

Kim qilsa o‘zin naku shabihi,
Neku bila yo‘l topar qabihi.

Ul sufaki javfi gulshan erdi,
Dono eliga nishiman erdi.

G‘arbida gulu shimoli gulshan,
Sharqi-yu janubi sarvu savsan.

Mehrobi-yu necha muttakolar,
Mehrobida sohibi duolar.

Ul sufa shimoli bor gulzor,
Bulbullar o‘qub xud anda gulyor.

Bir necha mug‘anniyi navosoz,
Bulbulga qilurga o‘zni damsoz.

Ul sufada rost sozi ushshoq,
Marg‘ulasi mushkbezi ofoq.

Ul gulshani tozaning shimoli —
Bir hujrai chordar xayole;

Ochg‘anda eshikni, to‘rt jonib
Gul birla anor qo‘zg‘olonib.

Har yon chu nazarni sen ocharsen,
Gul ko‘rgaysenu, gul socharsen.

Xush manzil erur, havosi marg‘ub,
Bulbullarining navosi marg‘ub.

Xush hujrai dilkusho, farahbaxsh,
Havz o‘rtasida judo farahbaxsh.

G‘arbida ziloli zindagoniy,
Telmurturub o‘ziga samoni.

Ya’ni havzi safoda kavsar,
Bo‘lmasmu bihisht aroda kavsar.

Ul manzili poki jannat osor,
Kavsar kibi havzini desang bor.

Har sahnida sufai ajibe,
Ashjor ila sufalarda zebe.

Bir sahnida g‘ulg‘uli samovor,
Asrorini aylab elga izhor…

Ammo ne deyin gujum sifotin,
Ne deb qilayin xud oni otin.

Bir-biriga bargi oncha payvast,
yo‘l topmayin otsalar anga shast.

Soya samaridin el tanumand,
Shahr istamay, oni deb Samarqand.

Zohid kishilar amomasidek,
Shahr ahlini zeb jomasidek,

Usmoqda chunon solib taku po‘,
Utmay biri-biridin sari mo‘.

Bevosita qiblasin olib havz,
Soyasi arosida qolib havz.

Ostidin arig‘ magar samoviy,
Ul charxi falak suvini novi.

Vah-vah, ne dedim, ne qildim avsof,
Astag‘firulillah, o‘lmasun lof.

Yo rab, karaming nisor ayla,
Lutfungni hamisha yor-ayla,

Lofimni o‘zung maof qilg‘il,
Mir’oti ko‘ngulni sof qilg‘il…

Ochildii zori benavoni,
Nafs ilkida mubtalo gadoni,

Olamni havodisig‘a qolgan,
Nafsi badidin balog‘a qolgan,

El ta’nu malomatiga botgan,
Sharmandalig‘ uyi ichra yotgan,

Ya’ni laqab ichra Miriy oti,
Bu she’r ila aylamay uyoti,

Ko‘p yovau harza so‘zni tortib,
Ul harzada safhani qarortib,

Ne ramzu ishoratu ne tamsil,
Bilmay ne dalilu qaysi ta’vil,

Kim nazmni xud shiori aylab,
Bu hol ila turfa kore aylab,

Men kimmenu muncha behayoliq,
Ma’ni guharig‘a oshnoliq!

Naylay, netayin bu o‘lsa taqdir,
Yo‘qsa manga qayda muncha taqdir!

Bu xost chu sendin o‘lsa bori,
Bo‘lg‘aymu bu qulni ixtiyori!

Yo rab, karaming panohim etg‘il,
Lutfungni xud uzrxohim etg‘il.

Fayzing bu makon sari fuzun qil,
Lutfungni tanobini uzun qil.

Ahliga ham ayla shavqin afzun,
Aqvomini ayla zavqin afzun.

Utgan kishilarki pok edilar,
Xo‘bluq bila zavqnok edilar.

Bo‘lganlarimizni qil alardak,
Ko‘nglimizi ravshan et sahardak.

O‘tganlarimizga nuri iymon,
Bo‘lganlarimizga xayru ehson.

O‘tganlarimizni ayla masrur,
Bo‘lganlara ber sururdin nur.

Soqiy, to‘la ayla sog‘ari gul,
Gul yuz uza tashla zulfi sunbul.

Guldek ochilib, piyola tutg‘il,
Kulku qila, yo‘q, uyola tutg‘il.

Gul mavsumi mast ayla bizni,
Gul yonida past ayla bizni.

«Gulnoma»ga istasang chu tarix,
Tut hushu xirad, eshit bu posix.

Kim, ushbu nigorxonai Chin,
Gulzoru guli bihisht oyin.

Bo‘lg‘ach, bu nido yetushti nogah,
Tarixiga bo‘yla qildi ogah:

Gul chehrasi-yu ayog‘ yuzdin,
Ya’ni uchni unut o‘tuzdin.

Olding gulu yuzdin ul nishoni,
Tarix: bihishti gulsitoni.

Tammat, tamom yoft va ba ixtitom anjomid «Gulnoma»i Ochildii xoksori bemiqdor.

Eshitmoqlig‘ uchun afsonadur bu,
Demang Miriyni siz:—Devonadur bu!

Na gul qolg‘ay jahonda, ne guliston,
Havo qilgan qushumga donadur bu!

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse