Guliston intizoring, sarv qadingni xiromon qil...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Guliston intizoring, sarv qadingni xiromon qil...
by Mujrim-Obid

Guliston intizoring, sarv qadingni xiromon qil,
Qaro zulfingni och, sunbul dimog‘ini parishon qil.

Chekar bulbul fig‘on, gul g‘uncha aylar pirahan pora,
Bukun men nola aylay, sen dog‘i choki giribon qil.

May ich, mahbub quch, mutrib bilan chu beg‘am o‘lturg‘il,
Oyog‘ing qo‘yma zinhor ilgidin o‘lguncha davron qil.

Qizorib chiqti gardundin quyosh mehring so‘rog‘inda,
Takalluf bartaraf xurshedi ruxsoringni tobon qil.

Boshingg‘a har nechuk savdo ketursa dahr oshubi,
Haros etma qo‘lingdin kelsa, ayshingni du chandon qil.

Seni qo‘ndurg‘ali qildim muhayyo jon aro joying,
Buzuq koshonamizg‘a bir kecha o‘zungni mehmon qil.

Samandingni jilovin saqla Mujrim dodxohingdur,
Desun arzini xohi dora cheku xohi zindon qil.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse