Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat...
by Muazzamxon

Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat,
Jarohatlik ko‘ngilga sanchilur ko‘p xor har soat.

Jamoling orzusida qizil gul oldiga borsam,
Tegar har xordin ko‘nglimga yuz ozor xar soat.

Firoqingda bo‘libman telbaye, o‘zimni bilmayman,
Chekarman nolayu faryod majnunvor har soat.

Qayu maxluq qadam qo‘ysa mani baytulxazonimga,
Qilurman oldida vaslingni ham takror har soat.

Ko‘zimdin uyquni ixroj qildi nomi hijroning,
Aning chun men damodam yig‘laram xunbor har soat.

Falak soqisi sundi jomi g‘am, ichdim yiqildim man
G‘amim tug‘yonidin qaynab chiqar zangor har soat.

Tabiblar aydi: hijron dardini dorusi o‘lmakdur,
Aning-chun men bo‘libman hajr ila bemor har soat.

Falak mo‘min boshig‘a hech g‘ariblik solmasin aslo,
G‘ariblikda Muazzam tortadur ozor har soat.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse