Ey sabo, arzimni ayt ohista ul dildorg‘a...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey sabo, arzimni ayt ohista ul dildorg‘a...
by Muazzamxon

Ey sabo, arzimni ayt ohista ul dildorg‘a,
Hech rahmi kelmadi yo‘lida yotgan zorg‘a.

Iltimos etgil g‘ubori maqdamidin zarraye,
Xoki poyi doru bo‘lg‘ay bu tani bemorg‘a.

Shiddati za’fim bila raglar so‘ngakka chirmashib,
Huv savdosin chekar monand o‘lib setorg‘a,

Qon yoshimdin ko‘rki domonim qizardi loladek,
Ahli dillar ko‘rib oni o‘xshatur gulzorg‘a.

Ma’rifatni mevasin yoshirgali dil bog‘iga,
O‘tkuribman ko‘p tikan monand etib simxorg‘a.

Bul riyolik tasbihimni gulxan ichra kul qilib,
Ham musalloni garov qo‘ymas butu zunnorg‘a.

Amri ma’rufimni muikirdin agar qilsam bayon,
Kufr aydi deb yig‘ilib tortadurlar dorg‘a.

G‘am shamoli ko‘nglum avroqin parishon ayladi,
Bor umidim, eltibon ko‘rsatsa deb dildorg‘a.

Har kishini do‘st deb sirringni izhor aylama,
Ta’na toshidin alam yetgay dili afgorg‘a.

Ko‘nglimi bo‘stoni ichra hech gul ochilmadi,
Qon yutubon g‘unchalar o‘rnini berdi xorg‘a.

Vir g‘aribi puralam g‘am nolasini nazm etib,
Tahrir etmish, hech kim olmas sotsalar bozorg‘a.

Shumlig‘ingdin, ey Muazzam, tortasan ranju alam,
Hech doru naf’ qilmas san kabi bemorg‘a.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse