Ey qadi sarvi sihiy, bulbuli gulzorginam...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey qadi sarvi sihiy, bulbuli gulzorginam...
by Shavqiy Kattaqoʻrgʻoniy

Ey qadi sarvi sihiy, bulbuli gulzorginam,
Ko‘zimi ravshaniyu mahrami asrorginam.

Deb o‘shal gavhari yak dona meni mahv etay,
Sadqa bo‘lsun ani yo‘lida yo‘qu borginam.

Bo‘lmasun ofati dunyog‘a giriftor aslo,
Ko‘zimni ollida yursun guli bexorginam,

Jonima rohat erur ko‘nglumi oromgahi-
Sarvi ul gul go‘zalim ham meni dildorginam.

G‘ami ayyom ko‘ngul pardasig‘a yo‘l topmay,
Meni shod ayladi ul gavhari shahvorginam.

Gar Zulayxoi zamon desam oni, ayb etmang,
Misri kulfatda manga bo‘ldi xaridorginam.

Lab shakar to‘tisi Shavqiyni sevarda aytur:
— Ey qadi sarvi sihiy, bulbuli gulzorginam.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse