Ey malak siymoki, olam xalqidur hayron sango...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey malak siymoki, olam xalqidur hayron sango...
by Ravnaq Pahlavonquli

Ey malak siymoki, olam xalqidur hayron sango,
Ahli insondur demak olamda ne imkon sango.

Xo‘bro‘lar husn mulkida gadoyingdur sening,
Desalar bo‘lg‘ay ravo, xo‘blar aro sulton sango.

Partavi nuri yuzing etmish munavvar olami,
Chun malohat avjida derlar mahi tobon sango.

Qil nigah, tangri uchun, bir lahza holi zorima,
Muddatedur bo‘lmisham men zoru sargardon sango.

Istabon vasling saharlar nolayu faryod etib,
Bulbuli zoram men, ey sho‘x gul, hayron sango.

Ko‘rmadim hargiz bu gulshanda seningdek nozanin,
Qilsa bo‘lg‘ay, ey pari, hardam fido yuz jon sango.

Ishq aro Ravnaq Masih anfosi topmas dardingi,
La’li ruh afzosining anfosidur darmon sango.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse