Ey falak, muncha jafoni manga ehson aylading...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey falak, muncha jafoni manga ehson aylading...
by Muazzamxon

Ey falak, muncha jafoni manga ehson aylading,
Ham xirad uyini buzding, besaranjom aylading.

Kavkabi iqbolimi idbora tabdil aylabon,
Toleimni nahs etib, el ichra badnom aylading.

Xush baland parvoz edi ruhim qushi afsuskim,
Fitna aylab zoli dunyo makriga rom aylading.

Barchaga jabr aylasang ham goh-goh taskin berib,
Bir g‘ariba boshiga kulfatni modom aylading.

Toqati tamkin tahammul uyini g‘orat qilib,
Telbalardek so‘zlatib besabru somon aylading,

Har necha jahd ayladim kirsam saodat yo‘liga,
Yo‘l yurarda har qadamda hirsni dom aylading,

Barchani jomi murodini berib man xastaga —
Qismatim singan sopoldek bir quruq jom aylading,

Har jafo kelsa, Muazzam, xoliqingni hukmidur,
Shikva aylab bu falakni muncha badnom aylading?!

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse