Evrulay boshinga, zebo sanamim, dildorim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Evrulay boshinga, zebo sanamim, dildorim...
by Ravnaq Pahlavonquli

Evrulay boshinga, zebo sanamim, dildorim,
Gul’uzorim, sevarim, mohi shakar guftorim.

Ne bo‘lur, tangri rizosi uchun, ey sangin dil,
Goh-gohi so‘rasang holi dili bemorim.

Vasldur marham anga, chekma, tabibo, zahmat,
Topmag‘ung chorai dogi jigari afgorim.

Gul o‘zin pora qilib, bulbul o‘lur devona,
Bog‘ aro qo‘ysa qadam sho‘xi pari ruxsorim.

Ne tilar jonu ko‘ngul menda taajjub biri yo‘q,
G‘orati ishqidin ar qolg‘on emas osorim.

Sadafi chashmim aro, qani, kirib tutsa maqom,
Husn daryosida oliy guhari shahvorim.

Tirguzur Isoyu Maryam kabi o‘lganlarni
La’li jon parvaridin so‘zlari shakkarborim.

G‘amzadin ko‘z yumub ochg‘uncha to‘kar yuz mingdin,
Tiyg‘i bedod chekib, chiqsa ko‘zi xunxorim.

Subhidam mast chiqib tovus kabi bog‘ aro,
Jilvai noz qilur ul qadi xush raftorim.

Bo‘lg‘ali g‘amkadayi ishq maqomim, Ravnaq,
Ming g‘amim bor, vale so‘rg‘ali yo‘q g‘amxorim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse