Erur ko‘nglum parishon, toki ayrildim diyorimdan...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Erur ko‘nglum parishon, toki ayrildim diyorimdan...
by Nodim Namangoniy

Erur ko‘nglum parishon, toki ayrildim diyorimdan,
Diyorim yo‘qki, yoru oshnoyu, g‘amgusorimdan,

Ko‘zum namnok, siynam chok, bag‘rim tah-batah qondur,
Qachonkim ayrilibman ul nigori gul’uzorimdan.

Sunurlar dam-badam ishrat mayin ahbob g‘urbatda
Talattif ko‘rsatib ming nav’i, tushmasman xumorimdan,

Xazon yaprog‘idek so‘ldum samumi hajridin, hayhot,
Nasimo, mujdai yetkurmading fayzi bahorimdan.

Demang, ey do‘stlar, bir go‘shaye tut, istiqomat qil,
Nechuk qilg‘um durur, yo‘q xush ila sabru qarorimdan.

Fig‘onim ra’d, ohim barq, ashkim seli to‘fondur,
Qoching zinhor, ey ahbob, mo‘hlik rahguzorimdan.

Quyundek dasht ila vodida sargardon bo‘lubdurman,
Qachonkim ayri tushdim xoki poi shahsuvorimdan.

Qadardandur bu g‘urbat, injima, sabr ayla, ey Nodim,
Inoyat bo‘lsa yetgaysan vatanga, biru borimdan.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse