Dardoki, yor so‘rmadi men xasta holini...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Dardoki, yor so‘rmadi men xasta holini...
by Bayramxon

Dardoki, yor so‘rmadi men xasta holini,
Hargiz eshitmadim farahafzo savolini.

Ko‘nglum maraz haroratidin muztarib durur,
Yoxud tilaydur ul labi maygun zulolini.

Armonda o‘ldum, oh, ne bo‘lg‘ay edi agar,
Bir qatla ko‘rsam erdi muborak jamolini.

Vasl ehtimoli bo‘lmag‘anidin topar edim,
Har lahza xotirimda o‘lum ehtimolini.

Gar bir balo marazdin edi zor jismima,
Jonimg‘a yuz balo edi, topmay visolini.

Bas, mushkil erdi bu maraz ichra tirilmagim,
Gar so‘rg‘ali yubormasa erdi xayolini.

Bayram, firoqing ichra marizu maluldur,
Xush ulki, daf’ qilsa visoling malolini.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse