Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur...
by Muhayyir

Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur,
Sanga qullug‘din qachon, ey nozanin, ozod erur.

Sen kabi laylivashu shirin nasabni ishqida
Zor ko‘nglum bir ajab Majnun hasab, Farhod erur.

Men kabi bir gul asiri bo‘lmasang, ey andalib,
Bu chamanda ne uchun tun-kun ishing faryod erur.

Eyki she’r etting havas, beilm bo‘lmasdur bu ish,
Negakim har fanda sharti a’zam isti’dod erur.

Gar badoye’ gullaridin rangu bo‘yi istasang,
Qil tamoshokim, bu dam tab’im chaman ijod erur.

Soqiyo, bir jom ila men xastani shod aylag‘il,
Kim, base davron elidin xotirim noshod erur.

Gar Muhayyirni so‘zi tutsa Ajam mulkin netong,
Kim Navoiy nazm bobida anga ustod erur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse