Bahor ayyomida

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bahor ayyomida
by Furqat

Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo‘lsa,
Qilurga sharhi hol, ahli muhabbat ikki tan bo‘lsa.

Xazon ayyomida ul tavba qilgan bo‘lsa ham maydin,
Yetib mayxoralikning mavsumi, paymonshikan bo‘lsa.

Bulut qatra fishonu, ruhafzo sabzalar xandon,
Arig‘larning labida sabzakori bir chaman bo‘lsa.

Havo ham mo‘‘tadil, havzi musaffo, suffai dilkash,
Oqar suv g‘alt urib, sebarga uzra mavjzan bo‘lsa.

Sabui la’l birlan shishai bayzou oltun jom
O‘shal majlisda soqiy bir nigori siymtan bo‘lsa.

Gul uzra andalibu, sarvning boshida qumrilar
Yuzu qad hasratidin ohu faryod aylagan bo‘lsa.

Kishi to‘biyu kavsar, jannatu rizvonni ne qilsun?
Jahon ayvonida hosil bu yanglig‘ anjuman bo‘lsa.

Sururu shodlikni dahr bog‘ida nechuk ko‘rgay?
Kamina Furqatiyning maskani baytul-hazan bo‘lsa.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse