Ayo, ey dilbari jonim, kelib holimni so‘rmassan...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ayo, ey dilbari jonim, kelib holimni so‘rmassan...
by Sadoiy Mirhasan

Ayo, ey dilbari jonim, kelib holimni so‘rmassan,
Shitobi beadad aylab qoshimda lahza turmassan.

Qilib jahdu jadal doim sani ko‘ngling olay derman,
Nechuk zehning pareshondur tabassum birla kulmassan?

Sani birla mani, jono, bor erdi ahdu paymonim,
G‘araz bir necha odamdek na deb ahdingda turmassan?

Agar mahshar kuni bo‘lsa sanga vahmi qiyomat yo‘q,
Ajab umring uzun ermish, bilurman, hargiz o‘lmassan.

Tushub ishqim sanga nogah, tiriklik lazzati ketti,
Guvohim zag‘farondur, ro‘yi bu zardimni ko‘rmassan.

Maning bir maqsudim shuldur, ayog‘ing ostida o‘lsam,
Nihoyatsiz ulug‘dursan, netoyin, ko‘zga ilmassan.

Kuyub hajring bila emdi Sadoyi kul bo‘lub ketsa,
Nechuk san ayrilursan, deb qiyo ko‘zingni solmassan.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse