Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning...
by Mujrim-Obid

Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning
Lol o‘ldi magar hajrida go‘yo bu zaboning.

Aqlim sening aqlingduru hushim seni hushing,
Jismim seni jismingduru jonim seni joning.

Sen podshohi mulki tanu qal’ai jonsan,
Ilgim, oyog‘im ikkalasi taxti ravoning.

Bir maslahatim ayg‘ilu yo‘limg‘a ravon qil,
Shoyadki qabuli haq esa ushbu ravoning.

Shodim borida shodsan, g‘am bila g‘amda,
Jonim meni jonim edi qo‘ynimda makoning.

Ey bulbuli tab’im na havodur bu chamanda,
Behuda erur nolau faryodu fig‘oning.

Obidni balolarga giriftor qilibsan,
Ayg‘il manga ko‘nglum nedur asrori nihoning.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse