Aqlli jinni

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Aqlli jinni  (1927) 
by Komil Aliyev

Gap millatchi ziyolilarning sarkardasi Munavvarqorining “Mafkura uchun kurashilmasin, isloh qilinsin” degan qing‘ir fikri ustida bormaydi. Uning achigan og‘zidan chiqadurg‘an sassiq so‘zidan o‘z ahllari lazzatlanar ekan, biz jirkanamiz.

So‘z mavzui bahsimizning “qahramoni” Cho‘lpon va uning dog‘liq etagiga kanadek yopishib olg‘an “cho‘lponchilar” ustidadir.

Millat – vatan uchun og‘iz ko‘pirtirib, natijada boylar va Angliya sarmoyasiga vatanni pullashga tirishqan bu “maxluqlar”ning dovolsifat basharalariga qarab: “Sizlar milliy burjuaziyaning eng sodiq malaylari, kambag‘allar hukumatining poyidor bo‘lishini ko‘ra olmaydurg‘an ko‘rshaparaklarsiz” deyar ekansiz, ular dillaridan “karomatingga balli” desalar ham, zohirda bu to‘g‘ri bahog‘a yaqin kelgilari yo‘q.

Cho‘lpon va uning bir hovuch yolchilari o‘z muqaddarotlarining mehnatkashlar tomonidan hal qiling‘anlig‘ini, ular uchun ortiq non deganda kesak g‘irillashini yaxshi sezsalar ham, qing‘ir tilaklarini ro‘yabga chiqarish, ba’zi bir ora yo‘lda qolg‘an ziyolilarni o‘z botqoqlarig‘a botirish yo‘lida har xil yaramasliqlarni ishlashdan hamon voz kecha olmag‘anlar.

Cho‘lpon ko‘zini ochib dunyog‘a qaray boshlag‘andan beri, “Millat xarob bo‘ldi, vatan poymol bo‘ldi” deb yig‘lar va o‘z maqsadini ochiq maydonga qo‘yib, zaharlik fikrlarini sochib kelar ekan bu kungi mafkuraviy kurash maydonining kengayib, chuqurlanib borishi uning o‘z mavqeini o‘zgarishiga, “burchak jinnisi” bo‘lishig‘a katta yo‘l ochdi.

U (Cho‘lpon albatta) shu kechayu kunduzda qorong‘i burchaklardan sasib, “miyangmi mushik”lik ro‘lini pardaga burkab taqdim qilishg‘a tirishadikim, buni hozirg‘i sho‘ro ziyolilarining 2 nchi o‘lka qurultoyidag‘i vakillar ham qayta-qayta ta’kidlab o‘ttilar.

Bu ayanch banda hozir juda ajib bir xususiyat va kulinch bir vaziyatga ega bo‘ladir. U bir vaqtlar “Oy tug‘sa ham o‘zbekka tug‘sin, kun tug‘sa ham o‘zbekka” so‘zini minglarcha talqin qildi. Rus, tatar, juhud va boshqa millatlarni chetga qoqib, ularga tishini g‘ijirlatib yurdi. Bu maqsadiga noil bo‘la olmag‘anidan keyin eng adog‘ida yangi bir narsa ixtiro qilibdirkim, u ham bo‘lsa, “shaharchilik” dardi bilan jinnilanishlikdir.

Ehtimol bu narsa Cho‘lponning o‘zbek deganda o‘pkasi ko‘rinishini bilgan kishilar uchun yot tuyilar. Lekin biz qurultoyg‘a “tortiq” qiling‘an mana bu hujjat bilan ularni tanishtirib o‘tamiz.

Cho‘lpon shu yilning 26 nchi sentabrida “Toshkant” popirusining qutisig‘a quyidag‘i she’rni yozib markaziy idoralarimizdan bittasiga qoldirib ketadi:

“Toshkent”ning kulini ko‘kka sovurmoq,

O‘zbek yigitiga yarashadimi?

Ayniqsa “Toshkent”li bir shaharparast,

Shahrini chekishga tirishadimi?

Qarang, Cho‘lpon bu bilan nima demakchi? U “millat – vatan deyaberib chakagim tushdi, millatlarni o‘zaro qirq pichoq bo‘lishlarini ta’min qila olmadim, no‘mirim o‘tmadi” demakchi-da avvalgi fikridan qo‘l siltab, “shaharchilik” maqsadini ilgari surmakchi.

Chuchvarani xom sanabsiz aka Cho‘lpon, siz aytgan katta tollarning kesilib ketganiga talay vaqtlar bo‘ldi. Ko‘zingizning shokosadek ochib yani-beringizga bir qarang-chi, nimani ko‘rasiz? Basharti ko‘zingiz so‘qurlashmag‘an bo‘lsa – Farg‘ona ishchilarining Toshkantda, Toshkant mehnatkashlarining Samarqandda, Samarqand ziyolilari – yumushchilarining orqada qolg‘an o‘krug‘lar (bularning orqada qolishlarig‘a siz va sizlarning turg‘uzg‘an bosmachiliq harakatlaringiz sabab albatta)da aka-ukalik bilan madaniyat tarqatib, mamlakatning ehtiyojini qoniqdirayotqanlarini ko‘rasiz.

Faqat, tavsiyamiz shukim, ehtiyotkorona nazar solingki, o‘takangiz yorilib, muhiblaringiz bir yo‘la sizdan ajralib qolmasinlar.

Cho‘lponning “jinni”ligi bo‘lar bilan ham cheklanmaganig‘a qolmaydi. U epoxa (davr) popirus qutisig‘a bu she’ri yozib –

Bunday epoxani chekib tugating,

Kullari ko‘klarga sovrilib ketsin!

Endi bu bechora odam bolasi,

Olovsiz, tutunsiz kunlarga yetsin!

deyishi bilan “kambag‘allar davri – biz, boylar, mayda burjuaziya laganbardorlari – mafkurachilarini yondirdi, bu davrning (mehnatkashlar davrining kuli ko‘kka sovrilib, yer bilan yakson bo‘lsin” deb qichqiradi.

Chindan ham “devona” Cho‘lpon shu haqda to‘g‘ri zorlanadi. Mehnatkashlarning davri – davron surishi, xandon tashlab kulishi, Cho‘lpon va “cho‘lponchilar”ning to‘ymas ko‘zlaridan yosh o‘rnig‘a qon oqizdirdi. Ularning erkin yashashlari Cho‘lponlarning kunda yuz qatla tirik o‘lishlarini ta’min qildi va qilg‘usidir.

Kezi kelganda, millatchi ziyolilarning “adabiy vakili” Cho‘lpon va uning hamfikrlarining tom bitgan quloqlarig‘a shuni ham shibshitib qo‘yish lozimkim, dodi-voylaringiz, tarixning g‘ildiragini keyinga qarab siltashdan qat’iyan ojizdir. Mehnatkashlarning olding‘a qarab qo‘yayotqan puxta qadamlari dunyo yuzida qizil bayroqning tikilishidan bashorat berar ekan, sizlarning yugirishlaringiz somonxonadan nari o‘tmaydi.

Komil Aliyev

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 12-oktabr.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse