Alisher Navoiy g’azaliga muxammas (Andalib, IV)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g’azaliga muxammas
by Nurmuhammad Andalib

Xam keturdi qomatim payvasta abro’ kelmadi,
Xatti mushkafshonu xoli anbarinbo’ kelmadi,
Ro’zgorim tiyra qilg’on ja’di giso’ kelmadi,
Kecha kelgumdur debon ul sarvu gulro’ kelmadi,
Ko’zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Chiqg’on ermish azmi javlon qilg’oli ul shahsuvor,
Orazin ko’rmak erur ikki ko’zumga iftixor,
Oh naylaykim bo’lubdur ashk birla pardador,
Lahza-lahza chiqtimu chektim yo’lida intizor,
Keldi jon og’zimg’au ul sho’xi badxo’ kelmadi.

Kelsa ul gul xirmani suhbat tutub qilsam nishot,
Pardai jonimni poyandoz etib qilsam bisot,
Yo’qsa nomus etti qilmoq men gadog’a irtibot,
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Ro’zgorimdek ham o’lg’onda qorong’u, kelmadi.

Ey parilar shohi, bir jurm ila yozg’urmang meni,
Bu suubatlar bila har yong’a kezdurmang meni,
Kelmisham ummid ila, navmid etib surmang meni,
Ko’zlaringdin necha suv kelgay deb o’lturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha suv kelmadi.

Beli fikri qo’lg’a kirmas, og’zidek bo’lmay adam,
Tortibon har dam riyozat, istamay dayru haram,
Za’faronzor orazing qon yoshimi qilmay naam,
Tolibi sodiq topilmas, yo’qsa kim qo’ydi qadam
yo’lg’akim, avval qadam ma’shuqa o’tru kelmadi.

Andalibo, nola aylab beg’am et ko’nglung uyin,
Jomi sahbodur dengiz, ko’z bayram et ko’nglung uyin,
Yetmasun osiyb, hargiz mahkam et ko’nglung uyin,
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko’nglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg’u kelmadi.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse