Alisher Navoiy g’azaliga muxammas (Andalib, III)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g’azaliga muxammas
by Nurmuhammad Andalib

Ul paridin o’zgaga telmurmag’aysan, ey ko’ngul,
Aylasa javru sitam injilmag’aysan, ey ko’ngul,
Muddaiylar ta’nidin tortilmag’aysan, ey ko’ngul.
Istasang hajr o’tig’a yoqilmag’aysan, ey ko’ngul,
Yordin zinhorkim ayrilmag’aysan, ey ko’ngul.

Orzu aylarsan hardam ul shakar guftorni,
Qomati sarvu yuzi gul, xoli anbarborni,
Oqibat hijronida o’lturgusi san zorni,
Vah, ne tole’durki, topmay istab umre yorni,
Chun sani yor istagay topilmag’aysan, ey ko’ngul.

Bazm aro ul mahliqodin g’ayri havro bo’lmasun,
Balkim ul Layli bilan Shirinu Azro bo’lmasun,
Furqatida bistaring juz xoru xoro bo’lmasun,
Buki qon yoshim desangkim oshkoro bo’lmasun,
Mayl etib yoshlar sori qotilmag’aysan, ey ko’ngul.

Fitnalar soldi jahonga ikki kofir ko’zlari,
Lek jon ta’min berur nutq etsa shirin so’zlari,
So’rsalar, de xo’blarda yo’qtur ondin ilgari,
Desalar Laylimu ortiq husn aro yo ul pari,
Garchi majnunsan, kerak yongilmag’aysan, ey ko’ngul.

Ayladi par qoshlari qavsu kuzah hushingni mahv,
Ul musaffo g’abg’abi holi manah hushingni mahv,
YO saning devonalig’, yo bu farah hushingni mahv,
Qildi chun soqiy labi tekkoch qadah hushnngni mahv,
To abad zinhorkim oyilmagaysan, ey ko’ngul.

Istabon bu gulsitonda gul’uzori orazin,
Ko’zlaring tortib oqordi intizori orazin,
Umring o’tdi ko’rmading bir lahza yori orazin,
G’unchasin g’amdin vale soqiy bahori orazin,
Ochsa bilmonkim netib ochilmag’aysan, ey ko’ngul,

Andalibo, bu mahol andesha birla mohu sol,
Yor vaslin fikr etib ko’rmak xayolidur xayol,
Dayr piri xizmatida qilmayin kasbu kamol,
Davlati boqiy Navoiydek erur topmoq mahol,
To tamom o’zlikni foniy qilmag’aysan, ey ko’ngul.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse