Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Roqim, V)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Roqim

Har necha bu balokash ul oyg‘a bo‘lsa mardud,
Jonlar fidosi qilmoq bordur ko‘ngulga maqsud,
Bu nav’ hurnaykar ermas jahonda mavjud,
Ruxsori jonibida ul xoli anbar olud,
O‘t go‘shasida go‘yo anbar tushub qilur dud.

Ko‘rgach ul oyni lola ko‘ksida dog‘ qoldi,
Sarvi sihi qadidin bog‘ ichra ko‘b uyaldi,
G‘avvos ko‘ngli zaxmi dur vaslidin o‘ngaldi,
Bahri g‘am ichra ashkim ko‘ngliga rahm soldi,
Daryo musofirimen gavhardin aylagan sud.

Dinimni g‘orat etgach ul vusmalik ko‘zu qosh,
Olamg‘a ohu ashkim sirrimni ayladi fosh,
Dashti jununda demang Majnunni manga yo‘ldosh,
Bazmi g‘am ichra shahmen, sorig‘ yuzumda qon yosh,
Bu la’lrang boda, ul sog‘ari zar andud.

G‘amzang qilichi, jono, nechun boshimni chopmas,
Gardi siymi samanding uryon tanimni yopmas,
Ko‘yungda demon itlar bu notavonni qopmas,
Ko‘nglum gadolig‘ aylar og‘zingni garchi topmas,
Yo‘q va’da birla oni qilsang ne bo‘ldi xushnud.

Toki g‘amingda bag‘rim xunoba birla to‘lsun,
G‘ayringga boqsam, ey jon, ikki ko‘zum o‘yulsun
Bording ko‘ngul ne yanglig‘ anduhdin tutulsun,
Kelkim yo‘lingda tufroq boshingg‘a sadqa bo‘lsun,
Ham jismi dardparvard, ham jony ranjfarsud.

So‘z dema oqil ersang shohu vazirdinkim,
Tangrig‘a vosil o‘lg‘an yod et faqirdinkim,
Sudu ziyon hadisin so‘r bu haqirdinkim,
Nobudu bud fikrin mahv et zamirdinkim,
Ne bud qolg‘usidur oxir sanga, ne nobud.

Roqim, gar odam ersang, ko‘p bo‘lmog‘il havoyi,
Qilma o‘zungni zinhor zuhd ahlidek riyoyi,
Aysh aylar elga xushtur mayxona bo‘lsa joyi,
Sarxush tarona go‘star topmishsen, ey Navoiy,
Soqiy, sen emdi tut may, mutrib, sen emdi tuz ud.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse