Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Roqim, IV)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Roqim

Solg‘ali jonimg‘a o‘t bir mahliqoning furqati,
Ko‘kda ohim shu’lasidindur shafaqning humrati,
Zor jismimdin kesilg‘ach xasta jonning ulfati,
Jong‘a chun derman ne erdi o‘lmakim kayfiyati,
Derki, bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati.

Kelgali dunyoi dung‘a ko‘rmadim ayshu tarab,
Za’fi tole’ ko‘rki, tinmay qon yutarmen ro‘zu shab,
Jon nahifu tan zaif o‘lmoq ajab uzra ajab,
Jismdin so‘rsamki, bu za’fingg‘a ne bo‘ldi sabab,
Der, anga bo‘ldi sabab — o‘tlig‘ bag‘rning hirqati.

Topmayin dardimga darmon ko‘p yugurdim har yonga,
Bilmon, ey joni balokash, ne iloj aylay sanga,
Kuyganimni sar-basar aytay quloq solsang anga,
Chun bag‘rdin so‘rsam aytur, anda o‘t tushdi manga-
Kim, ko‘ngulga sho‘la soldi ishq barqi ofati.

Bo‘lmasun hech kimsa, yo rab, men kabi holi tabah,
Qildi charxi bemuruvvat ro‘zgorimni siyah,
O‘rtanib hasrat o‘ti birla vujudum tah-batah,
Ko‘ngluma qilsam g‘azab, ayturki, ko‘zdindur gunah,
Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati.

Qilg‘ali mehnat o‘qi jismimni sartosar yaro,
Topmadim zaxmimg‘a marham istabon olam aro,
O‘z-o‘zum birla qilib devonalardek mojaro,
Ko‘zga chun dermenki, ey tar domani yuzi qaro,
Sendin o‘lmish xasta ko‘nglumning balou mehnati.

Ohkim, yo‘qtur g‘amimni so‘rg‘ali bir g‘amgusor,
Yoshurun dardimni bilmon kimga aylay oshkor,
Qon yoshidin jaybu domonimni aylab lolazor,
Yig‘lab aytur ko‘zki, yo‘q, erdi manga ham ixtiyor
Kim, ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati.

Necha, Roqim, aylabon chunu charoni justujo‘y,
Aylagaysen jahldin har uzv birla guftugo‘y,
Oqil ersang emdi kel behuda afsonangni qo‘y,
Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy,
Chun sanga ishq o‘ti-o‘q ermish azalning qismati.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse