Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Mujrim-Obid)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Mujrim-Obid

Olami foniyda kulfatsiz makone topmadim,
G‘ayri andihu g‘amu ohu fig‘one topmadim,
Bir anisi shodu g‘am shirin zabone topmadim,
Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone topmadim.

Dahr aro yolg‘uz o‘zumdek xoksore ko‘rmadim,
Bekasu beyoru beg‘amxoru xore ko‘rmadim,
Bir xazoni noumidi navbahore ko‘rmadim,
G‘am bila jonimg‘a yettim, g‘amgusore ko‘rmadim,
Hajr ila dilso‘xta bo‘ldum, dilsitone topmadim.

Kim ko‘rubdur men kibi rasvoyi davron bag‘ri qon,
Volau shaydo erur aqlim ani ko‘rgan zamon,
Sarf bo‘ldi xizmatida garchi joni notavon,
Ishq aro yuz ming malomat o‘qig‘a bo‘ldum nishon,
Bir kamon obruda tuzlukdin nishone topmadim.

Ohi dard oludim uchun ravnaqi ishqim ayon,
Subhi iqbolim erur idbor shomig‘a nihon,
Bormu yo‘q gulzori olam ichra mandek bog‘bon,
Ko‘nglum ichra sarv o‘qdur g‘uncha paykon, gul tikon,
Dahr bog‘i ichra mundoq gulsitone topmadim.

Fahmig‘a loyiq amal qilg‘uchi olim ko‘rmadim,
Ko‘rdum, ammo tab’ini bir so‘zda solim ko‘rmadim,
Ey ko‘ngul sendin ba juz ranji muloyim ko‘rmadim,
Husn mulki ichra sendek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq ko‘yida o‘zumdek notavone topmadim.

Toki har devoni tahrir ayladi g‘am qissasin,
Darj qildi daftari ko‘nglida bobi g‘ussasin,
Garchi ko‘rmay qolmisham ushshoq jismi jussasin,
Ko‘p o‘qudum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin,
O‘z so‘zumdin bul’ajabroq dostone topmadim.

Obidi sargashtai mahjur dog‘i anjuman,
Bir duogo‘yi haqiri sokini baytul-hazan,
Etmasun ag‘yordin dildor ko‘ngliga suxan,
Ul amon ichinda bo‘lsun, ey Navoiy, garchi man,
Bir zamon ishqida mehnatdin amone topmadim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse