Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas (Hoziq)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas
by Hoziq

Boshima solmish ne savdolar muhabbat mehnati,
Bosh-oyog‘im sham’dek yondurdi ul oy furqati,
O‘lsam oson bo‘lur erdi hajrning bu kulfati.
Jong‘a chun dermen na erkin kuymag‘ung kayfiyati,
Derki bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati.

Chun marazning shiddati kuydurdi jonim ro‘zu shab,
Toqatu tobimni kundin-kunga oldi tobu tab,
G‘am o‘tining hiddatidin damba-dam aylab g‘azab,
Jismdan so‘rsamki bu za’fingga ne erdi sabab,
Der anga bo‘ldi sabab o‘tlug‘ bag‘irning hirqati.

Bilmadimkim, qaysi g‘am xirmandin o‘t tushti menga,
Jaybdin tarmashti yo domandin o‘t tushti menga,
Topmadimkim qaysi bir gulxandin o‘t tushti menga,
Chun bag‘irdin so‘rdum, aytur tandin o‘t tushti menga,
Kim bag‘irga shu’la soldi ishq barqi ofati.

Xasta jonga chun itob ettimki, ey holi taboh,
Muncha jismim kuydurursen kecha-kunduz solu moh,
Dedi, ko‘nglumdin mening ham ro‘zgorimdur siyoh,
Ko‘ngluma qilsam g‘azab ayturki, ko‘zdindur gunoh.
Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati.

Bilmadimki qaysi uzvim birla qilsam mojaro,
Kim mening jonimni kuydirmish bu yanglig‘ g‘am aro,
Dardi hijron shiddatidin har nafas men benavo,
Ko‘zga chun dermenki, ey tar domani yuzi qaro,
Sendin o‘lmish xasta ko‘nglumning balou mehnati. .

Bo‘lmasang gar sen ul oy ruxsorig‘a oyinavor,
Muncha ko‘nglum bo‘lmas erdi shavq o‘tidin beqaror.
Ravshan o‘ldikim mening jonimg‘a sen urdung sharor.
Yig‘lab aytur ko‘zki, yo‘q erdi manga ham ixtiyor,
Kim ko‘rindi nogahon bir sho‘x mahvash tal’ati.

Hoziq, oxir ko‘z bu so‘zni chin dedi, o‘lguncha kuy,
Bir-birig‘a har biri sen-sen dedi, o‘lguncha kuy,
O‘rtadin ishq ofati men-men dedi, o‘lguncha kuy,
Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy,
Kim sanga ishq o‘ti o‘q ermish azalning qismati.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse