Ajab fosid xayol erdi, parig‘a oshno bo‘ldum...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ajab fosid xayol erdi, parig‘a oshno bo‘ldum...
by Sadoiy Mirhasan

Ajab fosid xayol erdi, parig‘a oshno bo‘ldum,
Nechuk qattig‘ kun erdi, ey pari, sandin judo bo‘ldum.

Ular holatg‘a yettim, bir kelib holimni so‘rmaydur,
Na armondur, na hasratdur, g‘ami birla ado bo‘ldum.

Sani bu otashi hajring vujudim ayladi axgar,
Judolukda kuyub bir o‘chgon o‘tdek beziyo bo‘ldum.

Mani sohib suxan qildi sani bu boisi nazming,
Bihamdillo deyin bu va’dasida beriyo bo‘ldum.

Tegib ishqi, junun eldin ketibdur qismatin qadrim,
Ayog‘ ostida qolg‘on bir yomon xoki siyoh bo‘ldum.

Tilimg‘a harna kelsa aytulur bu telbalar yanglig‘,
Nasihat olmag‘on olamda besharmu hayo bo‘ldum.

Ushotti zarbi ishqing bu qamishdek jismu jonimni,
Ayog‘ ostida yanchilg‘on bamisli bo‘ryo bo‘ldum.

Sani deb ayladi barham Sadoyi sha’nu shavkatni,
Kechib bu taxtu baxtimdin eshiklarda gado bo‘ldum.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse