Ajab baxti yomonman, yaxshilar ichra guzorim yo‘q...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ajab baxti yomonman, yaxshilar ichra guzorim yo‘q...
by Mujrim-Obid

Ajab baxti yomonman, yaxshilar ichra guzorim yo‘q,
Bo‘lubman g‘arqi bahri dard umidi kanorim yo‘q.

Xarobu notavonu abtar o‘ldi kishvari ko‘nglum,
Tarahhum birla obod aylagay ul shahsuvorim yo‘q.

Qolibman tangnoyi zulmat obod ichra naylarman,
Zamoni xush kechurgundak yorug‘liq ro‘zgorim yo‘q.

Qayong‘a yuzlanay, ahvoli zorim kimga sharh aylay,
Na holing bor, nechuksan degudek bir do‘stdorim yo‘q.

Meni mujrim qilibdur shohi iqlim, hasad ko‘nglum.
Na kim amr aylasa qilmoqdin o‘zga ixtiyorim yo‘q.

Mayi vaslin tilab sargarmi jomi hajri bo‘lmishman,
Ajal paymonasidin o‘zga bir daf’i xumorim yo‘q.

Ko‘ngulning dastidin oxir jahon ovorasi bo‘ldum,
Ba soni zarra bir yerda turolmasman, qarorim yo‘q.

Na bir Mujrim bo‘lub ahli gunoh oldig‘a yo‘l topdim,
Na bir Obid ekan deb ham jahong‘a e’tiborim yo‘q.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse