Adamdin har kishi dunyoga keldi peshvosi bor...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Adamdin har kishi dunyoga keldi peshvosi bor...
by Hakima

Adamdin har kishi dunyoga keldi peshvosi bor,
Ki har kim ko‘nglida bir o‘y ilan ko‘p muddaosi bor.

Skandar bistari kimxobu baxmal uzra xob etsa,
Alarning qolini bo‘lsa, gadoning bo‘ryosi bor.

Takabbur ahliga zinhor salom-alik demay o‘tgil,
Alarning boshida shaytoni mal’unning havosi bor.

Jahonning bog‘idin gullar ochilur rang-barang, ko‘rgil
Agarchi yaxshi odam ko‘p, ichida ham yomoni bor.

Hamisha xushfe’llik bo‘l xaloyiq ichra sen zinhor,
Ko‘ngulni oqu pok etsang, hama koring barori bor.

Qarama bad nazar birla, bu dushman, deb, haqir aylab,
Magar bir qun bo‘lur do‘st ul kishi, sirri nihoni bor.

Erur har dam g‘animat, xush tutub o‘tkar aziz umrung,
Bu dunyoning kamu ko‘stin na sudu, na ziyoni bor.

O‘tubdur qancha olam xalqi qilmay tasrifi dunyo,
Hakima ham o‘tar ummid bilan—hasrat-fig‘oni bor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse