Yorugʻ yulduzga
(Hazar esdaligi)
Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla
Otalarning tarixdagi xatosin;
Shul xatodan osig‘lanib yovlarning
El ko‘ksida surgan ishrat, safosin.
So‘zla, anglat o‘tgandagi turmushning
Butun qonli, shonli, jonli yerlarin.
Ko‘z oldimga jilvalantir yurt uchun
Jonlar berib, qonlar to‘kkan erlarin.
O‘ynat, qo‘zg‘at, to‘lqinlantir, hovliqtir
Keng Hazarning ko‘m-ko‘k yumshoq suvlarin.
So‘zlattirib charchat, horsin, charchasin,
Teri oqsin, ko‘kka chiqar bug‘larin.
Ko‘piklantir, mayda oppoq ko‘pikdan
Ko‘ylak kiydir, yasantir suv betlarin.
Ul suvlar-la pardoz qildir, kiyintir
Tog‘li, toshli qirg‘oqlarin, chetlarin.
Nega jimsan, nega javob bermaysan?
Nega ko‘zing qizarindi, yoshlandi?
Nega yuzing so‘lgan kabi yumshardi?
Nega senda bir talvasa boshlandi?
Bilaman men: so‘zlamaysan shuning-chun
So‘zlaydirgan yaxshi so‘zing yo‘q erur.
Og‘iz ochsang yo‘qsil elni ezmakka,
Qon qilmoqqa hasratlaring ko‘p erur.
Mayli, mayli, qandoq achchiq bo‘lsa ham,
To‘g‘ri so‘zni yashirmasdan so‘zlay ber.
Har qanchalar yurak yorgich kuy bo‘lsa,
Botir bo‘lib sekingina kuylay ber.
O‘tganlarning zahari ham bu kunda
Ko‘ngillarga tegmay o‘tar kabidir.
Kechmishlarning yig‘isi ham shu kunda
Yo‘qsil dilni suyuntirar kabidir.
Falokatlar ko‘rgan ota-bobolar
Istiqlolning qimmatini bilmagan.
El va yurtni saqlar uchun so‘ng xonlar
Tuzukkina chora, tadbir qilmagan.
Biz, yo‘qsillar, boshqalarga qul bo‘lib,
Chet oyoqlar tovonida ezildik.
Har yaramas, har buzuqning tagida
Alam tortgan, jabr ko‘rgan biz edik.
Yetar, bo‘ldi! Meni gapga solding-da,
O‘zing unda tinglabgina turasan.
Yana, tag‘in ta’sirlanib so‘zimdan,
Oh-voh qilib o‘zni har yon urasan.
So‘zla sen-da tillaringni o‘ynatib,
Eski olam ichra bizni olib bor.
Yashrin yotgan pardalarni, zulmatni
Qarab turma, nuring bilan yirt, yubor!
Yalintirma, boshqalarga yalingan
Kabi sen ham yalintirmoq istaysan.
Ezilganni ezishlikka, sen go‘zal,
Ozroq sharm, ozroq hayo qilmaysan.
So‘zla, anglat, go‘zal yulduz, tez so‘zla,
Men-da sening chiroyliging so‘zlarman.
Hazardagi ko‘piklarga birlashib
Seni maqtab shirin kuylar kuylarman.
Og‘iz ochding, tovshing keldi, ey yulduz,
So‘zla-so‘zla, yot kishi yo‘q, ikkimiz!..
Bahri Hazar. 1920, 19-avgust
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|