Koʻklam Qaygʻusi
Ey qorong‘u uzun qishning xayoli,
Ko‘klam chog‘i ko‘zlarimda o‘ynama!
Ayriliqning chidab bo‘lmas maloli,
Ko‘kat, maysa yuzlarida qaynama!
Bir oz… bir oz ko‘ngil beray ko‘klamda
Shaftolining go‘zal, qizil yuziga.
Bir oz… bir oz aldanayin ko‘nglimda
Bosh chiqargan yigitlikning so‘ziga.
Qarshimdagi kulib turgan yumshoq qiz
Ko‘m-ko‘k maysa o‘rtasida bir guldir.
Ko‘p yig‘ladim… yoshlarimni qator chiz
Va qarshimda go‘zal qizni bir kuldir!
Ko‘klam chog‘i sayroq bulbul sayramas,
Ne uchunkim tanburimning tili yo‘q.
U go‘zal qiz chin qarash-la qaramas,
Ne uchunkim umidimning yo‘li yo‘q.
Tillarimda har ko‘klamning qo‘shig‘i,
Yuragimda har go‘zalning sevgisi,
Ko‘zlarimda har qayg‘udan bir yig‘i,
Yuzlarimda aldanishning belgisi…
Yolg‘iz menmi ko‘klam chog‘i yig‘lagan?
Yolg‘iz menmi har umidda aldangan?
Yolg‘iz menmi ko‘kragini tig‘lagan?
Yolg‘iz menmi sevinch bilan bo‘lmagan?
Ey ko‘klamning ko‘z tortguvchi kelini,
Nima uchun yig‘latasan bir meni?..Qo‘yliq.
1922-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|