Ayriliq yo’li

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ayriliq yo’li
by Abdulhamid Choʻlpon

(Nasr)

Ayriliqning alam otliq uzun va qorongʻi yoʻlidan oʻtmoq istagan edim.

Kirdim.

Koʻzimni chip yumib sevgi botirligʻi bilan u qoʻrqunch yoʻlgʻa kirdim.

Ikki tomonigʻa “oʻlim” chechaklari ekilgan bu qora yoʻldan sevgi tentakligi bilan esirib biroz borgʻach, yoʻl ustida quvonub uchub yurgʻuchi mashʼum boyoʻgʻlining toʻlqunlangʻan qanot qoqishlari sezildi.

U menim ustimdan uchub oʻtmoqda edi.

Boshimgʻa tegar-tegmas uchub oʻtdi-da, qanotidan bir necha parni ustimgʻa tashladi. Par boshimgʻa tushdi.

Boʻshashdim…

Ogʻirlashdim…

Meni ogʻirlashdirgʻuchi shum parlarni boshimdan olib tashlamoq uchun qoʻlim qimirlamas, qaltirar edi.

Men bunga qarab turmadim. Shollar kabi sudralsam-da, ilgariga qarab yoʻl oldim.

Ketdim…

Kun ketdim, oy ketdim, yil ketdim – yorugʻliq koʻrinmas…

Yoʻlning nihoyatidan darak yoʻq. Qorongʻuliq borgʻan sayin quyuqlasha borar edi.

Bordim.

Yana bordim.

Nihoyat boʻlmadi, oyoqlarimdan kuch ketdi, zaif gavdam yoʻl ustigʻa choʻzuldi… Tubigʻa botqan koʻzlarimdan ogʻu kabi achchigʻ yoshlar toʻkdim. Zaharlik yoshlarimni toʻkar ekanman, bu yoʻlchilikni qargʻar, oʻz-oʻzimni shiltalar edim…

Soʻng koʻzimda umid yoshlari bilan tong va yorugʻliq tangrisini maqtadim, maqtagʻan choqdagʻi koʻz yoshlarim ham yerga tomdilar.

Qargʻishliq koʻz yoshlarim tomgʻan yerdan bir tup tikanlik, ogʻu chechaklik gul yogʻochi oʻsdi va uning qoʻlansa isi toʻrt yogʻimni oʻrab oldi.

Umid yoshlarimni toʻkkan yerdan esa bir tup totliq is sochgʻuchi, kuchsizlarga kuch berguchi, sevgilik koʻngillarga yangilik berguchi gul yogʻochi unib chiqdi va uning isi tikanlik yogʻochning islarini boʻgʻdi.

Yorugʻliq va tong tangrisi oʻzi maqtalgʻan yerda koʻrindi.

Tong otdi…

Yorugʻ, boʻldi…

Tong otar ekan yiroqlarda koʻrungan yorugʻliq chizigʻining ichidan qorongʻiliqlarni yirta-yirta sabo parisi kela boshladi.

U bizning yongʻa kelganda, islik gul yogʻochi kelinlar kabi egilib salom berdi.

Sabo-malak uchub oʻtar ekan, ipak etagini boshimgʻa tegizib oʻtkan edi, shumli boyoʻgʻlining ogʻirliq berguchi parlari tushub ketdilar; u parlarni Sabo oyimning ipakli etagi shupurub olib ketgan edi.

Men yengilladim.

Sabo-parining qoʻllaridan shudring donalari uchub menim yuzimgʻa tushdilar: men yashardim, sevgim yangilandi, umidim tozalandi.

Oʻzimda kuch, sevgi va yangilik sezgach, islik gulning chechaklariga bir havo oʻpush yubordim-da, ul yerdan sekingina ayrildim…

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse