Vikimanba:Vikimanba nima?
Vikimanba (viki va manba soʻzlarining birikmasi) (inglizcha: Wikisource) — erkin matnlarni oʻzida jamlagan onlayn kutubxona. Vikipediya singari Vikimanba ham Vikimedia Jamgʻarmasining loyihasi boʻlib, koʻngillilar tomonidan tuziladi. Vikimanba loyihaning ham umumiy nomi, ham uning har bir boʻlimi nomidir. Boʻlimlar odatda muayyan tildagi materiallarni oʻz ichiga oladi. Vikimanbaning turli tillardagi boʻlimlari birga umumiy Vikimanbani tashkil qiladi. Loyihaning maqsadi turli shakldagi erkin matnlarni koʻp tillarda oʻziga jamlashdir. Vikimanba boshida foydali yoki muhim tarixiy matnlar arxivi sifatida yaratilgan. Keyinchalik toʻliq kutubxonaga aylangan. Loyiha rasmiy ravishda 2003-yilning 24-noyabrida Manbaberg loyihasi (inglizcha: Project Sourceberg) oʻlaroq ish boshlagan. Loyihaga „Vikimanba“ nomi oʻsha yilning oxirida berilgan. Bundan yetti oy oʻtib loyiha uchun alohida domen ajratilgan. Loyihani yetarlicha ishonchli emas deb tanqid qilib kelishsa-da, uni Milliy arxivlar va hujjatlashtirish boshqarmasi kabi tashkilotlar manba sifatida koʻrsatib keladi.