Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida  (1996) 
Cyrillic script: Ўзбекистон Республикасининг Қонуни Муаллифлик ҳуқуқи ва турдош ҳуқуқлар тўғрисида

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

MUALLIFLIK HUQUQI VA TURDOSH HUQUQLAR TO‘G‘RISIDA

I. UMUMIY QOIDALAR[edit]

1-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

“muallif” — ijodiy mehnati bilan asar yaratgan jismoniy shaxs;

“yozuv” — ovozlar va (yoki) tasvirlarning ularni texnikaviy vositalar yordamida qayta-qayta idrok etish, takrorlash yoki uzatish imkonini beradigan biron-bir moddiy shakldagi mujassami;

“ijrochi” — aktyor, qo‘shiqchi, musiqachi, raqqos yoki rol o‘ynaydigan, o‘qiydigan, ifodali o‘qiydigan, musiqa asbobini chaladigan yoxud adabiyot yoki san’at asarini (shu jumladan estrada, sirk yoki qo‘g‘irchoqli nomerni) boshqa bir tarzda ijro etadigan shaxs, shuningdek spektaklning sahnalashtiruvchi rejissori va dirijyori;

“e’lon qilish (oshkor qilish, chop etish)” — ommaning oqilona talab-ehtiyojlarini qondirish uchun hamda asarning, fonogrammaning xususiyatidan kelib chiqqan holda asar, fonogramma nusxalarini muomalaga yetarli miqdorda chiqarish;

“manzarali-amaliy san’at asarlari” — amalda foydalaniladigan buyumlarga ko‘chirilgan ikki o‘lchovli yoki uch o‘lchovli san’at asari, shu jumladan badiiy xunarmandchilik asari yoki sanoat yo‘li bilan tayyorlanadigan asar;

“fonogramma” — biron-bir ijro yoki boshqa ovozlarning har qanday mutlaqo ovozli yozuvi;

“asar nusxasi” — asarning har qanday moddiy shaklda tayyorlangan ko‘chirmasi;

“fonogramma nusxasi” — fonogrammadan bevosita yoki bilvosita tayyorlangan va shu fonogrammaga jo bo‘lgan ovozlarning hammasini yoki bir qismini qamrab olgan har qanday moddiy jismdagi fonogramma ko‘chirmasi.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), sahna asarlarini, ijrolarni, fonogrammalarni, efir va kabel orqali ko‘rsatuv hamda eshittirishlar beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuv va eshittirishlarini yaratish hamda ulardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan intellektual mulk sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

3-modda. Xalqaro shartnomalar

Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.

II. MUALLIFLIK HUQUQI[edit]

4-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

Mualliflik huquqi:

mualliflarning va ularning huquqiy vorislarining fuqaroligidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi xududida e’lon qilingan yoki biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan asarlarga tatbiq qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi sarhadlaridan tashqarida e’lon qilingan yoki biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan asarlarga tatbiq qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan mualliflarga (ularning huquqiy vorislariga) tegishli deb tan olinadi;

O‘zbekiston Respublikasi sarhadlaridan tashqarida e’lon qilingan yoki biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan asarlarga tadbiq qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning fuqarosi bo‘lgan mualliflarga (ularning huquqiy vorislariga) tegishli deb tan olinadi.

Basharti asar O‘zbekiston Respublikasi sarhadlaridan tashqarida birinchi marta e’lon qilingan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida e’lon qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida e’lon qilingan deb hisoblanadi.

Asar O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq qo‘riqlanishi lozim bo‘lsa, uning muallifi hududida mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt sodir bo‘lgan davlatning qonuni bilan aniqlanadi.

5-modda. Mualliflik huquqi bilan qo‘riqlanadigan asarlar (mualliflik huquqi obyektlari)

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’iy nazar, tatbiq qilinadi.

Asar og‘zaki, yozma shaklda yoki uni idrok etish imkonini beradigan boshqa obyektiv shaklda ifodalangan bo‘lishi lozim.

Yozma shakldagi yoki moddiy jismda o‘zgacha usulda ifodalangan asar (qo‘lyozma, mashinka yozuvi, notali yozuvlar, texnika vositalari yordamidagi yozuv, shu jumladan audio yoki videoyozuv, ikki o‘lchovli yoki hajmiy-fazoviy shaklda yaratilgan tasvir va hokazo), undan uchinchi shaxslarning foydalanish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, obyektiv shaklga ega deb hisoblanadi.

Og‘zaki yoki moddiy jismda ifodalanmagan boshqa asar, basharti u uchinchi shaxslar idrok eta oladigan holga kelgan bo‘lsa (omma oldida so‘zlash, ommaviy ijrochilik va hokazo), obyektiv shaklga ega deb hisoblanadi.

Mualliflik huquqi e’lon qilingan asarlarga nisbatan ham, e’lon qilinmagan asarlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi. Mualliflik huquqi g‘oyalar, konsepsiyalar, prinsiplar, tizimlar, taklif qilinayotgan yechimlar, obyektiv mavjud kashfiyotlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

Mualliflik huquqining yuzaga kelishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki boshqa biron-bir rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

6-modda. Mualliflik huquqi obyektlarining turlari

Mualliflik huquqi obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

dramatik va ssenariy asarlar;

matnli va matnsiz musiqa asarlari;

musiqali-dramatik asarlar;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar (kino, tele va videofilmlar, slayd-filmlar, diafilmlar va boshqa xil kino, tele hamda video asarlar), radioasarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy san’at asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli, tarxlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi elektron-hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar, shu jumladan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Qonunning 5-moddasida belgilab qo‘yilgan talablarga javob beruvchi boshqa asarlar.

7-modda. Asarning qismlari va hosila asarlar

Ushbu Qonunning 5-moddasida belgilab qo‘yilgan talablarni qanoatlantiruvchi asarlarning qismlari, ularning nomi va hosila asarlar mualliflik huquqi obyektlaridir.

Hosila asarlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

boshqa asarlarni qayta ishlash natijasida yaratilgan asarlar (ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar hamda fan, adabiyot va san’at sohasidagi shunga o‘xshash boshqa asarlar);

tarjimalar;

materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumot bazalari) va boshqa jamlama asarlar.

Hosila asarlarning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ular o‘z ichiga olgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar, hosila asarlar mualliflik huquqi bilan himoya qilinadi.

8-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan asarlar va ularga o‘xshash faoliyat natijalari

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi:

rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, to‘xtamlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir va joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati ishtirokisiz, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

9-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalarini ishlab chiqqan shaxslar, basharti bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘zlari yaratgan loyihalarni e’lon qilishga haqlidir. Loyihani e’lon qilishda uni ishlab chiqqan shaxslar o‘z ism-shariflarini ko‘rsatishga haqlidirlar.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan e’lon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyihani ma’qullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalanishi mumkin.

10-modda. Asar muallifi. Mualliflik prezumsiyasi

Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e’tirof etiladi.

Asar birinchi marta e’lon qilinganda muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, basharti o‘zga hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida e’lon qilingan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarda ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, basharti boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga ega bo‘ladi. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etgunicha va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilgunicha amalda bo‘ladi.

11-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’iy nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Basharti asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, basharti ularning o‘rtasidagi bitimda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, bitim asosida belgilanadi. Bunday bitim bo‘lmagan taqdirda, asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Basharti hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

12-modda. Film mualliflari

Quyidagilar kinofilm, telefilm va videofilmning to‘liq mualliflari (hammualliflari)dir:

sahnalashtiruvchi rejissor;

ssenariy muallifi;

muayyan audiovizual asar uchun maxsus yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asarining muallifi;

sahnalashtiruvchi operator.

Bunday asarning hammualliflari jumlasiga aytib o‘tilgan mualliflar bilan kelishuvga binoan filmda foydalanilgan boshqa asarlarning mualliflari kiritilishi mumkin.

Muqaddam mavjud bo‘lib, shuningdek film ustida ish olib borish jarayonida yaratilib, filmda foydalanilgan asarlar mualliflarining har biri umuman filmga bo‘lgan mualliflikdan qat’iy nazar, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan o‘z asariga mualliflikni saqlab qoladi.

13-modda. Hosila asarlarning mualliflari

Boshqa asarlarni qayta ishlagan shaxslar, tarjimonlar, to‘plamlar va boshqa jamlama asarlarning tuzuvchilari hosila asarlarning mualliflari deb e’tirof etiladi.

Hosila asarning muallifi qayta ishlangan, tarjima qilingan yoki jamlama asarga kiritilgan asar muallifining huquqlariga rioya etgan taqdirdagina hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asarlar yaratuvchilarining mualliflik huquqi boshqa shaxslarning muqaddam foydalanilgan asarlar asosida o‘z hosila asarlarini yaratishlariga to‘sqinlik qilmaydi.

14-modda. Intervyu mualliflari

Intervyu yozuviga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflar tariqasida intervyu bergan shaxs bilan intervyu o‘tkazgan va uni yozib olgan shaxsga, basharti ular o‘rtasidagi kelishuvda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, tegishlidir.

Intervyu yozuvini e’lon qilish, ko‘rsatish va eshittirishga intervyu bergan shaxsning roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.

15-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari

Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (ensiklopediyalarning noshirlari, filmlarning tayyorlovchilari, prodyuserlar va shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Qonun yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shunday asarlardan foydalanishda alohida huquqlarga ega bo‘ladilar.

Ensiklopediyalardan, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar va boshqa davriy nashrlardan foydalanishning alohida huquqlari ularning noshirlariga tegishlidir. Bunday nashrdan har qanday tarzda foydalanilganida ham noshir o‘z nomini ko‘rsatishga yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

Bunday nashrlarga kiritilgan asarlarning mualliflari, basharti asar yaratishga doir shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, to‘liq nashrdan qat’iy nazar, o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan alohida huquqlarini saqlab qoladilar.

Audiovizual asar, shu jumladan film yaratish xususida shartnoma tuzish, basharti bunday shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, mazkur asar mualliflarining asarni takrorlashga, uni tarqatishga, omma oldida ijro etishga, barchaning e’tiboriga yetkazish uchun kabel orqali berishga, efirga uzatish yoki asardan boshqa har qanday tarzda ommaviy foydalanishga, film matnini subtitrlash va dublyaj qilishga bo‘lgan alohida huquqlarining asarni tayyorlovchiga o‘tishiga olib kelmaydi. Mazkur huquqlar audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddati davomida amal qiladi.

Film tayyorlovchisi bu asardan har qanday tarzda foydalanilganida ham o‘z ismi-sharifi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

Film omma oldida namoyish etilganida musiqa asarining muallifi o‘zining musiqa asari (matnli yoki matnsiz) omma oldida ijro etilganligi uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

Film muallifi va filmga bo‘lgan mulkiy huquqning boshqa egalari roziligisiz filmning oxirgi variantini (yozuvning asl nusxasini) yo‘q qilib yuborish taqiqlanadi.

16-modda. Mualliflik huquqining himoya belgilari

Alohida mualliflik huquqining egasi o‘z huquqlaridan xabardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin:

aylana ichiga olingan lotincha “S” harfi;

alohida mualliflik huquqlari egasining ism-sharifi (nomi);

asar birinchi marta e’lon qilingan yil.

Mualliflik huquqining himoya belgisida ko‘rsatilgan shaxs, basharti o‘zga hol isbotlanmagan bo‘lsa, huquq egasi hisoblanadi.

17-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari

Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:

mualliflik huquqi;

mualliflik nomiga bo‘lgan huquq;

asarning daxlsizligiga bo‘lgan huquq.

Muallif shaxsiy nomulkiy huquqlarni amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan tuzgan bitim va muallifning bu haqdagi arizasi ahamiyatsizdir.

18-modda. Mualliflik huquqi

Muallif (hammualliflar)ning o‘zi yaratgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ayni shu asarga mualliflik huquqi e’tirof qilinishini istisno etadi.

19-modda. Mualliflik nomiga bo‘lgan huquq

Muallif asardan o‘z ism-sharifi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoki imzosiz foydalanish yoki shu tarzda foydalanishga ruxsat berish borasidagi alohida huquqda (mualliflik nomiga bo‘lgan huquqda) egadir.

20-modda. Asarning daxlsizligiga bo‘lgan huquq

Muallif o‘z asariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish hamda asarga o‘zining roziligisiz biron-bir shaxs tomonidan o‘zgartishlar yoki qo‘shimchalar kiritilishidan asarini himoya qilish borasida alohida huquqqa (asarning daxlsizligiga bo‘lgan huquqqa) egadir.

Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish chog‘ida asarning o‘ziga ham, uning nomiga ham, muallifning nomi ko‘rsatilishiga ham biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.

Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar bilan, so‘zboshi, xotima, sharh yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.

Muallifning vafotidan keyin asarning daxlsizligini himoya qilish vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxs tomonidan, bunday ko‘rsatma bo‘lmagan taqdirda esa muallifning merosxo‘rlari, shuningdek qonunga muvofiq zimmasiga mualliflik huquqlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

21-modda. Asarni e’lon qilish huquqi

Muallif nomuayyan doiradagi shaxslarning asardan foydalanishiga imkon yaratib berish huquqi (asarni e’lon qilish huquqi)ga egadir.

Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish, ommaga namoyish etish yo‘li bilan yoki boshqa tarzda ommaviylashtirish orqali muallif tomonidan yoki uning roziligi bilan nomuayyan doiradagi shaxslarning asardan foydalanishi uchun birinchi bor imkon yaratib berilsa, asar e’lon qilingan hisoblanadi.

Muallif asarni e’lon qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplash sharti bilan voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Basharti asar e’lon kilingan bo‘lsa, muallif o‘z asarini chaqirib olganligini ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda muallif asarning avval tayyorlab qo‘yilgan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir.

Bu qoidalar, basharti muallif bilan tuzilgan shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

22-modda. Muallifning asardan foydalanish huquqi

Muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanish borasida alohida huquqlarga egadir.

Asarni takrorlash va uni tarqatish, boshqa yo‘llar bilan realizatsiya qilish, xususan:

asarni omma oldida namoyish etish (ko‘rgazmaga qo‘yish, eksponat sifatida ko‘rsatish);

asarning moddiy jismini tashkil etuvchi nusxasini ijaraga berish;

asarni omma oldida ijro etish;

asarni efirga uzatish (radio yoki televideniye orqali translyatsiya qilish), shu jumladan kabel yoki aloqa yo‘ldoshi orqali berish;

asarni texnika yordamida yozib olish;

asarning texnikaviy yozuvini eshittirish yoki ko‘rsatish, shu jumladan radio yoki televideniye orqali;

asardan keyinchalik foydalanish maqsadida uni tarjima qilish yoki qayta ishlash;

shaharsozlik, arxitektura, dizayn loyihasini amaliy ro‘yobga chiqarish asardan foydalanish hisoblanadi.

Asarga uning obyektiv shaklini, aqalli asl nusxasida qanday bo‘lsa, shu holdagi shaklini qayta berish (asarni nashr etish, audio yoki videoyozuvlardan nusxa ko‘paytirish va shu kabilar) asarni takrorlash hisoblanadi.

Asar nusxalarini sotish, almashtirish, ijaraga berish yoki ular ishtirokida boshqa amallarni bajarish, shu jumladan ularni import qilish asarni tarqatish hisoblanadi.

Basharti asarning nusxalari qonunan boshqa shaxsga berilgan bo‘lsa, ularni keyinchalik muallifning roziligisiz va haq to‘lamagan holda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Asardan daromad (foyda) olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’iy nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (kashfiyotlarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlikni anglatmaydi.

23-modda. Asarlarni saqlash uchun topshirish

Basharti asar saqlash uchun har kim foydalanishi mumkin bo‘lgan saqlov joyiga (depozitariyga) topshirilgan bo‘lsa va depozitariy bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra mazkur depozitariyga murojaat etadigan har qanday shaxsning asar nusxasini olishiga yo‘l bersa, asardan bu tarzda foydalanish asarlarning qo‘lyozmalarini, moddiy jismdagi boshqa asarlarni, shu jumladan mashina yordamida tayyorlangan asarlarni saqlash uchun topshirish deb e’tirof etiladi.

Asarni saqlash uchun topshirish asardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning (huquq egasining) depozitariy bilan tuzilgan, asardan foydalanish shartlarini belgilab beruvchi shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Bunday shartnoma va depozitariyning foydalanuvchi bilan tuzgan shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi

24-modda. Asardan foydalanish huquqini tasarruf etish

Muallif yoki huquqqa ega bo‘lgan boshqa shaxs shartnomaga, shu jumladan ochiq savdoda tuzilgan shartnomaga binoan asardan foydalanish borasidagi barcha huquqlarni o‘zga shaxsga berishi (foydalanish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish) mumkin.

Asardan foydalanish huquqi bir shaxsdan boshqa shaxsga universal huquqiy vorislik tartibida o‘tadi.

Huquq egasi boshqa shaxsga asardan muayyan doirada foydalanish uchun ruxsatnoma (litsenziya) berishi mumkin. Bunday ruxsatnoma asardan uning dastlabki shaklida foydalanish uchun ham, qayta ishlangan shaklida, xususan tarjima, aranjirovka tarzida va shu kabi usullarda foydalanish uchun ham talab qilinadi.

Asardan foydalanishning har bir usuli uchun huquq egasining maxsus ruxsatnomasi talab qilinadi.

25-modda. Tasviriy san’at asarlaridan foydalanish huquqi

Tasviriy san’at asarining muallifi asar mulkdoridan o‘zining asarini takrorlash huquqini (foydalanish huquqini) amalga oshirish imkonini berishni talab qilishga haqlidir. Bunda asar mulkdoridan asarni muallifga yetkazib berishni talab qilish mumkin emas.

26-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi alohida huquqlarini cheklashga ushbu Qonunning 17—21-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

27-modda. Begona asarni shaxsiy maqsadlarda takrorlash

Chop etilgan begona asardan muallifning roziligisiz va mualliflik haqini to‘lamagan holda shaxsiy maqsadlarda foydalanishga, basharti bunda asardan normal foydalanilishga ziyon etmaydigan va muallifning qonuniy manfaatlariga putur etmaydigan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

binolar va shunga o‘xshash inshootlar shaklidagi arxitektura asarlaridan foydalanish;

ma’lumot bazalari yoki ularning muhim qismlaridan foydalanish;

qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun yaratilgan dasturlardan foydalanish;

kitoblarni (to‘liq) va notali matnlarni reproduksiya qilish.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganidan istisno tarzda, qonunda audio va videoyozuvlardan shaxsiy maqsadlarda foydalanilgan taqdirda tegishli yozuvning muallifi, ijrochisi va ishlab chiqaruvchisi tegishli haq olish huquqiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilishi mumkin.

Asarni takrorlaganlik uchun haq ishlab chiqaruvchilar yoki asarni takrorlash uchun ishlatiladigan asbob-uskunalar (audio apparatlar, videomagnitofonlar va shu kabilar) hamda asar moddiy jismining (audio va (yoki) video plyonkalar, kassetalar, lazer diskalar, kompakt diskalar va shu kabilarning) importchilari tomonidan ajratmalar (foizlar) shaklida to‘lanadi.

28-modda. Asardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish

Asardan muallifning ismi-sharifini va olingan manbani ko‘rsatgan holda hamda asardan normal foydalanilishiga zarar etmaslik va muallifning qonuniy manfaatlarini kamsitmaslik sharti bilan quyidagi tarzda erkin foydalanishga yo‘l qo‘yiladi:

chop etilgan asarni ulardan olingan tsitatalar tarzida (asl nusxa tilida va tarjimada), shu jumladan gazeta va jurnallarning maqolalaridan olingan parchalar tarzida tsitatadan ko‘zlangan maqsadga mos hajmda ilmiy, tadqiqot, tanqid va axborot maqsadlarida takrorlash hamda tarqatish;

chop etilgan asarlarni ta’lim va o‘quv tusidagi nashrlarda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda, audio va videoyozuvlarda misol tariqasida qo‘yilgan maqsadga loyiq hajmda takrorlash, texnika yordamida yozib olish va efir orqali berish;

kundalik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diniy masalalar yuzasidan gazeta va jurnallarda e’lon qilingan maqolalar yoki efir orqali berilgan shu tusdagi asarlarni gazetalarda takrorlash, efirga uzatish, bunday foydalanish muallif tomonidan atayin taqiqlangan hollar bundan mustasno;

omma oldida so‘zlangan siyosiy nutqlar, murojaatlar, ma’ruzalar va shunga o‘xshash asarlarni qo‘yilgan maqsadga mos hajmda gazetalarda takrorlash, efirga uzatish; kundalik voqealar jarayonida ko‘rish yoki eshitish mumkin bo‘lgan asarlarni ana shunday voqealarning sharhlarida axborot maqsadiga mos hajmda takrorlash, omma oldida namoyish etish, efirga uzatish;

foyda olishni ko‘zlamagan holda ko‘zi ojizlar uchun qabariq nuqtali harflar yoki boshqa usullar bilan chop etilgan asarlarni takrorlash, foydalanishning ana shunday usullari uchun atayin yaratilgan asarlar bundan mustasno.

29-modda. Asarlardan reproduksiya qilish yo‘li bilan foydalanish

Muallifning roziligisiz va mualliflik haqini to‘lamagan holda, lekin asaridan foydalanilayotgan muallifning ismi-sharifini va olingan manbaini albatta ko‘rsatib, quyidagilardan foyda olishni ko‘zlamay reproduksiya qilishga yo‘l qo‘yiladi:

asardan, yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan nusxalarini tiklash, almashtirish uchun, shuningdek o‘z fondlaridan bu asarlarni biron sabab bilan yo‘qotgan boshqa kutubxonalarga asarlarning nusxalarini taqdim etish uchun kutubxonalar va arxivlar tomonidan;

to‘plamlarda, gazetalar va boshqa davriy nashrlarda qonuniy ravishda e’lon qilingan ayrim maqolalar va kichik hajmli asarlardan, qonuniy ravishda e’lon qilingan yozma asarlardan (suratli yoki suratsiz) qisqa parchalar fuqarolarning o‘quv va tadqiqot maqsadlaridagi so‘rovlari asosida kutubxonalar va arxivlar tomonidan, shuningdek auditoriya mashg‘ulotlari uchun ta’lim muassasalari tomonidan.

30-modda. Hamma bemalol bora oladigan joylarda doimiy joylashgan asarlardan erkin foydalanish

Hamma bemalol bora oladigan joylarda doimiy joylashgan arxitektura, fotografiya, tasviriy san’at asarlarini muallifning roziligisiz va mualliflik haqi to‘lamagan holda takrorlash, efirga uzatishga yoki hammaning e’tiboriga yetkazish uchun kabel orqali uzatishga yo‘l qo‘yiladi.

Bu qoida asarning tasviri shunday takrorlashning, efirga uzatishning yoki hammaning e’tiboriga yetkazish uchun kabel orqali uzatishning asosiy obyekti bo‘lgan hollarga nisbatan, shuningdek asarning ifodasidan tijorat maqsadlarida foydalaniladigan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

31-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish

Qonunan e’lon qilingan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning roziligisiz va mualliflik haqi to‘lamagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

32-modda. Sudlov maqsadlarini ko‘zlab, asarlarni erkin takrorlash

Sudlov va ma’muriy ish yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda asarlarni muallifning roziligisiz va mualliflik haqi to‘lamagan holda ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

33-modda. Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilotlar tomonidan asarlarni qisqa muddat foydalanish maqsadida erkin yozib olish

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilot o‘zi efirga uzatish huquqini olgan asarni muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va qo‘shimcha haq to‘lamagan holda qisqa muddat foydalanish maqsadida yozib olishga haqlidir, bunda efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlar beruvchi tashkilot yozuvni o‘z uskunalari yordamida hamda o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlari uchun amalga oshirishi shart.

Basharti bunday yozuvni saqlab turishning uzoqroq muddati muallif bilan kelishilgan bo‘lmasa, u tayyorlanganidan keyin olti oy ichida yo‘q qilib yuborilishi shart. Agar bunday yozuv butunlay hujjatli ruhda bo‘lsa, u asar muallifining roziligisiz rasmiy arxivlarda saqlab qo‘yilishi mumkin.

34-modda. EHM uchun yaratilgan dasturning yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga ega bo‘lgan shaxs huquqlarining cheklanishi

EHM uchun yaratilgan dasturning yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga ega bo‘lgan shaxsning EHM uchun yaratilgan dasturni va ma’lumotlar bazasini keyingi shaxsiy foydalanish maqsadida takrorlashga va qayta ishlashga bo‘lgan huquqi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

35-modda. Xizmat asariga bo‘lgan huquq

Xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan mualliflik huquqi shu asar muallifiga tegishlidir.

Xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etgan usulda va topshiriqdan kelib chiqadigan doirada foydalanish huquqi, basharti ish beruvchi bilan muallif o‘rtasidagi shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, asar yaratish haqida topshiriq bergan va muallif mehnat munosabatlari o‘rnatgan shaxsga (ish beruvchiga) tegishlidir. Ish beruvchi bunday foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga haqlidir.

Ish beruvchi bilan muallif o‘rtasidagi shartnomada xizmat asaridan foydalanganlik uchun muallifga haq to‘lash nazarda tutilgan va asardan foydalanishning boshqa shartlari qamrab olingan bo‘lishi mumkin.

Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’iy nazar, muallif asar taqdim etilgan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa, undan ham oldinroq asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi.

36-modda. Mualliflik huquqining O‘zbekiston Respubliqasi xududida amal qilishi

Birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi xududida chop etilgan yoki chop etilmagan bo‘lsada, asl nusxasi biron-bir obyektiv shaklda uning hududida turgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Bunday holda mualliflik huquqi muallifga va uning merosxo‘rlariga, shuningdek fuqaroligidan qat’iy nazar, muallifning boshqa huquqiy vorislariga tegishli deb e’tirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining asarlari birinchi marta chet davlat hududida chop etilgan yoki biron-bir obyektiv shaklda ana shu davlat hududida turgan bo‘lsa, bunday asarga bo‘lgan mualliflik huquqi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, xuddi shuningdek ularning merosxo‘rlari va boshqa huquqiy vorislariga tegishli deb e’tirof etiladi.

Muallifga xalqaro shartnomalarga muvofiq huquqiy himoya berilishi vaqtida asarning chet davlat hududida chop etilganligi tegishli xalqaro shartnoma qoidalariga binoan aniqlanadi.

Asarni O‘zbekiston Respublikasi hududida himoya qilish maqsadida asarning muallifi deb e’tirof etiladigan shaxs asar birinchi marta qaysi davlatning hududida himoya qilina boshlagan bo‘lsa, shu davlatning qonunlariga binoan aniqlanadi.

37-modda. Mualliflik huquqi amal qilishining boshlanishi

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi chop etilganligi yoki etilmaganligidan qat’iy nazar, asarga uchinchi shaxslar idrok eta oladigan obyektiv shakl berilgan vaqtdan boshlab amal qiladi. Og‘zaki asarga bo‘lgan mualliflik huquqi bu asar uchinchi shaxslarga ma’lum qilingan vaqtdan boshlab amal qiladi.

Basharti asar ushbu Qonunning 36-moddasi qoidalarining ta’sir doirasiga kirmasa, bunday asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, basharti u O‘zbekiston Respublikasida e’lon qilingan bo‘lsa, birinchi marta e’lon qilingan vaqtdan boshlab himoya qilinadi.

38-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va vafotidan keyin u vafot etgan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran ellik yil davomida amal qiladi.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan shaxs vafot etganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.

Birinchi marta taxallus ostida yoki imzosiz chop etilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar chop etilgan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran ellik yil davomida amal qiladi.

Basharti ana shu muddat ichida imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan asar muallifining shaxsi ma’lum bo‘lib qolsa, ushbu moddaning birinchi qismida aytilgan muddatlar qo‘llanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida aytib o‘tilgan muddatlar davomida mualliflik huquqi muallifning merosxo‘rlariga tegishli bo‘ladi va meros bo‘yicha bir shaxsdan boshqa shaxsga o‘tadi. Ayni ana shu muddatlar ichida mualliflik huquqi muallif bilan, uning merosxo‘rlari va keyingi huquqiy vorislari bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha bu huquqni olgan huquqiy vorislarga tegishli bo‘ladi.

Muallif vafotidan keyin ellik yil ichida birinchi marta chop etilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar chop etilgan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran ellik yil davomida amal qiladi.

Mualliflik, muallifning ism-sharifi va asarning daxlsizligi muddatsiz himoya qilinadi.

39-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddati tugaganidan keyin asar ijtimoiy mulkka aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi xududida hech qachon himoya bilan ta’min etilmagan asarlar ijtimoiy mulk hisoblanadi.

Ijtimoiy mulk hisoblangan asardan har qanday shaxs mualliflik haqini to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda asarga bo‘lgan mualliflik huquqiga, mualliflik nomiga bo‘lgan huquqda va asarning daxlsizligiga bo‘lgan huquqqa rioya etilishi lozim.

40-modda. Mualliflik shartnomasi

Muallif yoki uning merosxo‘ri mualliflik shartnomasi tuzish orqali o‘z asaridan foydalanish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin. Mualliflik shartnomasi uchun haq to‘lash talab qilinadi.

Mualliflik shartnomasi tayyor asar uchun yoki muallif yaratishni o‘z zimmasiga olgan asar uchun (buyurtma shartnomasi) tuziladi. Asardan u yoki bu doirada foydalanishga ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi muallif yoki uning merosxo‘rlari tuzadigan shartnoma ham (mualliflik litsenziya shartnomasi) mualliflik shartnomasi hisoblanadi.

41-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida beriladigan konkret huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lashning tartibi va muddati.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga berilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, basharti foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan berilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Shartnoma tuzilgan vaqtda asardan foydalanish haqidagi hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflikka doir shartnoma mavzusi bo‘lishi mumkin emas.

Asardan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq miqdori taraflarning kelishuviga binoan mualliflik shartnomasida belgilab qo‘yiladi.

Basharti asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p tiraji belgilab qo‘yilishi shart.

Muallif yoki uning merosxo‘rlarining haq olishga bo‘lgan huquqni rad etishi ahamiyatsizdir.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha berilgan huquqlarni shartnomadagi istalgan taraf shartnomada bevosita nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazishi mumkin.

42-modda. Mualliflik shartnomasining shakli

Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

43-modda. Mualliflik shartnomasi bo‘yicha javobgarlik

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni umuman yoki tegishli darajada bajarmagan tomon boshqa tomonga yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani ham qoplashi shart.

44-modda. Mualliflik litsenziya shartnomasining amal qilish muddati

Mualliflik litsenziya shartnomasi unda nazarda tutilgan, ammo mualliflik huquqining amal qilish muddatidan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida amal qiladi.

Asar muallifi yoki uning merosxo‘rlari, mualliflik litsenziya shartnomasiga muddat to‘g‘risidagi shart kiritilganligi yoki kiritilmaganligidan qat’iy nazar, shartnoma tuzilgan sanadan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin o‘z kontragentini kamida olti oy oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda shartnomani bir tomonlama bekor qilishga haqlidir. Muallif yoki uning merosxo‘rlarida bunday huquq har o‘n yilda vujudga keladi.

Shartnomada asardan foydalanish muddatlari nazarda tutilishi mumkin, bu muddatlarni buzganlik huquq egasining shartnomani bekor qilish huquqiga sabab bo‘ladi.

45-modda. Mualliflik huquqlarini boshqarish

Huquq egasi o‘ziga tegishli huquqni o‘e xohishiga ko‘ra shaxsan amalga oshirishga haqlidir.

Huquq egasidan boshqa shaxslar mualliflik huquqlarini faqat huquq egasining roziligi bilan va u bergan vakolatlar doirasida boshqarishlari mumkin, vakillikni qonuniy vakil amalga oshiradigan hollar bundan mustasno.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning egalari zimmasiga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish yuklatiladigan tashkilotlarni tuzishlari mumkin. Bunday tashkilotlar huquq egalari bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘zlariga berilgan vakolatlar doirasida va o‘z huquqlari doirasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining manfaatlarini ifoda etadilar. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilab qo‘yilgan davlat organi bergan litsenziyalar asosida va shu organning nazorati ostida ish olib boradilar. Ular tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishga va asarlardan foydalanishga haqli emas.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar o‘zlariga murojaat qilgan mualliflik huquqi yoki turdosh huquq egasining topshirig‘ini o‘z zimmalariga olishlari shart. Bunday tashkilotlar topshiriqni o‘zlari ishlab chiqqan qo‘shiluv shartnomasi asosida bajarishlari mumkin. Shartnomada tashkilotning qilgan xarajatlari huquq egasi tomonidan qoplanishi nazarda tutilishi mumkin.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar shartnomalarga muvofiq o‘zlari olgan vakolatlar asosida boshqa shaxslarga (foydalanuvchilarga) asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishning tegishli usullari uchun litsenziyalar beradilar. Bunday litsenziyalarning shartlari bir toifadagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil bo‘lmasligi kerak va yetarli asoslar bo‘lmay turib litsenziya berishni rad etib bo‘lmaydi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan tashkilotlardan bo‘lak har qanday shaxslar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalarining manfaatlarini umumiy asoslarda ifoda etishlari mumkin.

46-modda. Asardan shartnoma tuzmagan holda noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik

Huquq egasi bilan shartnoma tuzmagan holda asardan foydalanilgan takdirda qoidabuzar huquq egasiga yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart. Huquq egasi qoidabuzardan o‘zi ko‘rgan zarar o‘rniga uning qoidabuzarlik oqibatida olgan daromadlarini undirib olishga haqli.

Asardan mualliflik shartnomasida nazarda tutilmagan usulda yoki bunday shartnomaning amal qilishi to‘xtaganidan keyin foydalanish asardan shartnoma tuzmagan holda foydalanish deb hisoblanadi.

III. TURDOSh HUQUQLAR[edit]

47-modda. Turdosh huquqlar obyekti

Turdosh huquqlar sahna asarlariga, ijroga, ijroning audio va videoyozuviga (ijro yozuviga), efir va kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv va eshittirishlariga tatbiq etiladi.

48-modda. Turdosh huquqlarning subyektlari

Ijro etish huquqi ijrochilarga — artistlarga, sahnalashtiruvchi rejissorlarga, dirijyorlarga, shuningdek ularning merosxo‘rlariga tegishlidir. Bunday ijrodan foydalanish huquqi boshqa huquqiy vorislarga o‘tishi mumkin.

Ijro yozuviga bo‘lgan huquq ana shunday yozuvni amalga oshirgan shaxsga yoki uning huquqiy vorislariga tegishlidir.

Translyatsiya qilish huquqi ko‘rsatuv va eshittirishni yaratgan efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotga yoki uning huquqiy vorislariga tegishlidir.

49-modda. Turdosh huquqlarning himoya belgilari

Ijroni yozib olgan shaxs va ijrochi o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning himoya belgisidan foydalanishlari mumkin, audio yoki videoyozuvning har bir nusxasida va (yoki) ular saqlanadigan g‘ilofda aks ettiriladigan bu belgi quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “R” harfi;

alohida turdosh huquqlar egasining ismi (nomi);

yozuv birinchi marta e’lon qilingan yil.

50-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochi quyidagi huquqlarga egadir:

ijro vaqtida, ijro yozuvining nusxalarida, ijro translyatsiya qilinayotganda yoki takrorlanayotganida uning ismini ko‘rsatish;

asarni buzib ijro etishdan ximoya qilish;

ijrodan foydalanishni amalga oshirish yoki foydalanishga ruxsat berish.

Ijrodan foydalanish huquqi quyidagilarga ruxsat berish huquqini qamrab oladi:

ijroni efir va kabel orqali translyatsiya qilish;

ijroni texnika vositalari yordamida yozib olish;

yozib olingan ijroni translyatsiya qilish va omma oldida takrorlash;

ijro yozuvini ko‘paytirish va uning nusxalarini tarqatish.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etilayotgan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda ro‘yobga chiqaradilar.

Ijrodan foydalanish huquqini cheklash qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

Xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijroga (xizmat ijrosiga) bo‘lgan huquqqa nisbatan tegishincha ushbu Qonun 35-moddasining qoidalari tatbiq etiladi.

51-modda. Ijrochi huquqlarining amal qilishi

Ijrochining O‘zbekiston Respublikasi hududida birinchi marta amalga oshirilgan ijroga bo‘lgan huquqi O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Bunday hollarda, fuqaroligidan qat’iy nazar, huquq ijrochiga, uning merosxo‘rlariga, shuningdek ijrochining boshqa huquqiy vorislariga tegishli deb e’tirof etiladi. Ijrochining huquqi ijro birinchi bor chet davlat hududida amalga oshirilgan hollarda ham unga, shuningdek uning huquqiy vorislariga tegishli deb e’tirof etiladi.

Ijrochining huquqlari birinchi yozuv yoki birinchi ijro (sahnalashtirish) paytidan e’tiboran ellik yil davomida amal qiladi.

Ijrochining nomga bo‘lgan huquqi va ijroni buzishlardan himoya qilish huquqi muddatsiz qo‘riqlanadi.

52-modda. Ijrodan foydalanish

Ijrochi va ijro etish huquqining boshqa egasi bu huquqdan o‘z xohishiga ko‘ra mustaqil ravishda foydalanishga haqli.

Ijrodan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat ijrochining ruxsati bilan yoki boshqa huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma asosida uning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

53-modda. Ijrodan foydalanish huquqini tasarruf etish

Huquq egasi o‘zining ijrodan foydalanish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish, shu jumladan ijrodan u yoki bu doirada foydalanish uchun boshqa shaxsga ruxsatnoma (litsenziya) berish yo‘li bilan o‘tkazish to‘g‘risida shartnoma tuzishi mumkin.

Ijrochi yoki uning huquqiy vorisi ijrodan foydalanishga ruxsat etganlik uchun haq olish huquqiga ega. Foydalanishning har bir turi uchun alohida haq to‘lanishi kerak.

Haq olish huquqidan voz kechish ahamiyatsizdir.

54-modda. Ijroni yozib olgan shaxsning huquqlari

Ijroning audioyozuvini, videoyozuvini, audio-videoyozuvini amalga oshirgan shaxs va uning huquqiy vorisi ana shu yozuvga nisbatan alohida huquqa ega bo‘ladi.

Bunday yozuvdan boshqa shaxslarning foydalanishiga ana shu yozuvni amalga oshirgan shaxs yoki uning huquqiy vorisining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.

Ijroni yozib olgan shaxs yoki uning huquqiy vorisi quyidagilarni amalga oshirishga yoki quyidagilarga ruxsat berishga haqlidir:

yozuvni omma oldida takrorlash;

yozuvga tuzatishlar kiritish yoki uni o‘zga tarzda qayta ishlash;

yozuvning nusxalarini tarqatish (sotish, ijaraga berish va shu kabilar), shu jumladan chet elga berib yuborish;

yozuvlardan nusxa ko‘chirish;

yozuv nusxalarini import qilish.

Basharti ijro yozuvining nusxasiga egalik qilish huquqi ijroni yozib olgan shaxsga tegishli bo‘lmasa, yozuvdan foydalanish, shu jumladan uni tijorat maqsadida ijaraga berish sohasidagi alohida huquq yozuvni amalga oshirgan shaxsda saqlanib qoladi.

Ijroni yozib olgan shaxsning huquqlarini cheklash qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

Ijro yozuviga bo‘lgan huquqning egalari o‘z huquqlarini asarlar mualliflarining huquqlarini va ijrochilarning huquqlarini hisobga olgan holda amalga oshiradilar.

55-modda. Ijrochining yozuvidan foydalanganlik uchun haq to‘lash

Foyda olish maqsadida e’lon qilingan ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning va ijrosi yozilgan ijrochining roziligisiz, lekin haq to‘lagan holda:

yozuvni omma oldida ijro etishga;

yozuvni efir orqali ko‘rsatish va eshittirishga;

yozuvni hammaning umumiy ma’lumoti uchun kabel orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haqni to‘plash, taqsimlash hamda to‘lash mualliflik va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shug‘ullanadigan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi (ushbu Qonunning 45-moddasi).

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq miqdori va uni to‘lash tartibi, bir tarafdan, yozuvdan foydalanuvchi yoki bunday foydalanuvchilar birlashmasi hamda, ikkinchi tarafdan, mualliflik va turdosh huquqlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi bitimda belgilab qo‘yiladi.

Haq miqdori yozuvdan foydalanishning har bir turi uchun belgilanadi.

56-modda. Ijro yozuvini amalga oshirgan shaxs huquqlarining amal qilishi

Ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning huquqi, agar bu yozuv birinchi marta O‘zbekiston Respublikasida omma oldida takrorlangan yoki uning nusxalari omma orasida tarqatilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi.

Ijro yozuvini amalga oshirgan shaxs huquqi O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash joyi yoki joylashgan manzili bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki yuridik shaxslarga ham tegishli deb tan olinadi.

Boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari kuchiga yoki hamjihatlik prinsipiga asosan O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda foydalanadilar.

Ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning huquqlari yozuv amalga oshirilgan paytdan boshlab ellik yil mobaynida o‘z kuchini saqlab qoladi.

57-modda. Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlaridan istalgan shaklda foydalanish va uchinchi shaxslarga bunday ko‘rsatuv va eshittirishlardan foydalanish uchun ruxsat berish borasida alohida huquqlarga ega.

Ko‘rsatuv va eshittirishlardan uchinchi shaxslarning foydalanishi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Huquq egasi foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot quyidagilarga haqlidir:

ko‘rsatuv va eshittirishni translyatsiya qilish;

efir orqali ko‘rsatuv va eshittirishlarni beruvchi boshqa tashkilotlarga va kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarga o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini bir vaqtning o‘zida translyatsiya qilishga hamda retranslyatsiya qilishga ruxsat berish;

o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini yozib olish;

o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlari yozuvini takrorlash;

takrorlangan yozuv nusxalarini tarqatish;

o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini translyatsiya qilishga va bir vaqtning o‘zida kabel orqali translyatsiya, retranslyatsiya qilishga hamda bu ko‘rsatuv va eshittirishlar yozuvini translyatsiya qilishga ruxsat berish;

kirish pullik bo‘lgan joylarda ommaviy translyatsiya qilish va takrorlash, boshqa shaxslarga shunday translyatsiya qilish va takrorlashga ruxsat berish.

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarning huquqlarini cheklash qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot o‘z huquqlarini asar mualliflarining huquqlari va ijrochilarning huquqlarini, zarur hollarda esa, ijro yozuviga bo‘lgan huquq egalarining hamda efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi boshqa tashkilotlarning huquqlarini hisobga olgan holda amalga oshiradi.

58-modda. Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot huquqlarining amal qilishi

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi, basharti tashkilotning ushbu hududda joylashgan manzili bo‘lsa hamda unda joylashtirilgan uzatkichlar yordamida ko‘rsatuv va eshittirishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa.

Efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv va eshittirishga bo‘lgan huquqi uni birinchi marta efirga translyatsiya qilish paytidan boshlab ellik yil mobaynida amal qiladi.

59-modda. Kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu Qonunda belgilangan huquqlariga tatbiqan belgilanadi.

60-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan ijrochi, ijro yozuvini amalga oshirgan shaxs huquqlarining cheklanishi

Ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning roziligisiz va haq to‘lamasdan ijrodan, sahna asaridan, efir orqali berilgan ko‘rsatuv va eshittirishdan, kabel orqali berilgan eshittirish va ko‘rsatuvdan hamda ularning yozuvidan foydalanishga, shuningdek yozuvni takrorlashga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

kundalik voqealar sharhiga ijrodan, sahna asaridan, yozuvdan, efir yoki kabel orqali berilgan ko‘rsatuv va eshittirishdan unchalik katta bo‘lmagan parchalar qo‘shish yo‘li bilan;

faqat o‘quv yoki ilmiy tadqiqot maqsadlarida;

ijrodan, sahna asaridan, yozuvdan, efir yoki kabel orqali berilgan ko‘rsatuv va eshittirishdan uncha katta bo‘lmagan parchalar keltirish shaklida, faqat bunday parchalar keltirish axborot maqsadlarida amalga oshirilishi va bunda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan tijorat maqsadida e’lon qilingan yozuv nusxalaridan istalgan shaklda foydalanish ushbu Qonunning 55-moddasi qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi sharti bilan;

ushbu Qonunda adabiyot, fan va san’at asarlari muallifining mulkiy huquqlarini cheklash borasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Fonogramma ishlab chiqaruvchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarning roziligisiz efir yoki kabel orqali berilgan ko‘rsatuv va eshittirishdan hamda uning yozuvidan shaxsiy maqsadda foydalanishga va fonogrammani takrorlashga yo‘l qo‘yiladi. Fonogrammani takrorlashga ushbu Qonunning 27-moddasiga muvofiq haq to‘langan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Agar qisqa muddat foydalanish uchun yozish yoki takrorlash efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan uning o‘z asbob-uskunalari yordamida hamda uning o‘z ko‘rsatuvi va eshittirishi uchun amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ushbu Qonun 50, 54, 58 va 59-moddalarining ijroning, sahna asarining yoki ko‘rsatuv va eshittirishning qisqa muddat foydalaniladigan yozuvlarini amalga oshirish, tijorat maqsadida e’lon qilingan yozuvni takrorlash uchun ijrochining, ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning hamda efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning ruxsatini olish haqidagi qoidalari quyidagi shartlar bilan qo‘llanilmaydi:

efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot ushbu modda qoidalariga muvofiq qisqa muddat foydalaniladigan yozuv yoki bunday yozuvni takrorlash amalga oshiriladigan sahna asarining o‘zini, ijroni yoki ko‘rsatuv va eshittirishni efirga berish uchun oldindan ruxsat olgan taqdirda;

qisqa muddat foydalaniladigan yozuv adabiyot, fan va san’at asarlarining bunday yozuvlariga nisbatan belgilangan muddat doirasida yo‘q qilib yuborilgan taqdirda (ushbu Qonunning 33-moddasi), basharti yozuv butunlay hujjat ruhida bo‘lsa, rasmiy arxivlarda saqlanishi mumkin bo‘lgan yagona nusxa bundan mustasno.

Ushbu moddada nazarda tutilgan cheklashlar ijrodan, ijro yozuvidan, sahna asaridan, efir yoki kabel orqali berilgan ko‘rsatuv va eshittirishdan hamda ularning yozuvidan normal foydalanishga zarar yetkazmagan holda va ijrochining, ijro yozuvini amalga oshirgan shaxsning, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning hamda ko‘rsatib o‘tilgan asarlar mualliflarining qonuniy manfaatlarini cheklab qo‘ymagan holda qo‘llaniladi.

61-modda. Turdosh huquqlardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani umuman yoki tegishli darajada bajarmaganlik va asardan shartnoma tuzmagan holda noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik

Turdosh huquqlardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani umuman yoki tegishli darajada bajarmagan yoxud asardan shartnoma tuzmagan holda noqonuniy foydalangan shaxs shartnomani umuman yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi yoxud ziyon yetkazganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalarga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1041—1081-moddalari bilan ham tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh. , 1996-yil 30-avgust.,

272-I-son


Public domain in U.S.
Public domain in U.S.
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."

These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5).


A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations.

English | español | français | italiano | 日本語 | +/−