Dahr uyi bunyodkim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Dahr uyi bunyodkim...
by Ogahiy

I

Dahr uyi bunyodkim, su uzradir, mahkam emas,
Onda kirgan el xavotirdin amon bir dam emas.

Doimo vayronlig‘ osori oning arkonidin,
Borcha olam ahlig‘a ma’lum erur, mubham emas.

Kecha-yu kunduz yog‘ar idbor gardi saqfidin,
Yoqmoqi har dam fuzun oning zamoni kam emas.

Bu sifatlig‘ uy aro har kimki maskan ayladi,
Xotiri oning xavotirdin dami beg‘am emas.

Ushbu mehnatxonada gar shoh bo‘lsun, gar gado,
Bir nafas aysh-u farog‘at jomidin xurram emas.

Onda har kim boshig‘a yuz dardu g‘am aylab hujum,
Bir kishi yo‘q ashki hasratdin ko‘zi purnam emas.

Ko‘bdur onda ishrat ummidi bila tutg‘on makon,
Shohidi maqsudig‘a lekin biri hamdam emas.

Borcha zindoni baliyatg‘a bo‘lubdur mubtalo,
Umri ichra bir nafas osuda bir odam emas.

Dahr bir vayronayedurkim, xarob obod erur,
Chiqsa ondin har kishi — g‘am bandidin ozod erur.

II

Dahri dun ayyorasikim, yo‘q ango mehr-u vafo,
Peshasi kin-u nifoq-u odati — javr-u jafo.

Yo‘qturur aslo hamul makkora qotil zotida,
Zarracha rahm-u muruvvat, qatracha sharm-u hayo.

Hiyla domig‘a xaloyiqni giriftor etgusi,
Ko‘rguzub g‘anj-u dalol-u g‘amza-yu noz-u ado.

Ishvalar zohir qilur har lahza yuz nayrang ila,
Toki el jon-u dilig‘a solg‘ay oshub-u balo.

Qaddi shavqi ichradur tanlarga yuz zahmi sinon,
Kirpiki fikridadur jonlarg‘a ming nishi izo.

Zulfining savdosi domida qilib zor-u asir,
Aylagay jumla xaloyiq ro‘zg‘orini qaro.

Hajr zahri birla aylab elni doim talxkom.
Vasl no‘shi birla bir dam aylamas komin ravo.

Qatl etar oxir tuman nokomlig‘ tig‘i bila,
Kimsaki, bo‘lmish oning qaydi g‘amig‘a mubtalo.

Dahr bir vayronayedurkim, xarob obod erur,
Chiqsa ondin har kishi — g‘am bandidin ozod erur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse